Toshkent aeroportida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi

Poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ayol kishi qizlarni xorijga jinsiy ekspluatatsiya uchun olib chiqmoqchi bo‘lgan paytda ushlandi.

Toshkent aeroportida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi

Toshkentda odam savdosi bilan shug‘ullangan ayol aeroportda qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2002 yilda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan ayol qizlarni xorijiy davlatlarga jinsiy ekspluatatsiya maqsadida yuborish bilan shug‘ullangan. U aldov yo‘li bilan to‘rt nafar qiz bilan aloqa o‘rnatib, ularni ish va’dalari bilan jalb qilgan.

Tezkor tadbir davomida mazkur shaxs qizlardan birini o‘zi bilan birga Dubay shahriga olib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida Toshkent xalqaro aeroportida qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “z” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayblanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi va ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Qonunchilikka ko‘ra, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Mutasaddilar fuqarolarni bunday holatlarga befarq bo‘lmaslikka chaqirib, shubhali vaziyatlarda tegishli organlarga murojaat qilishni so‘ramoqda.

Теглар

Мавзуга оид