Toshkent bolalarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan bog‘cha yopildi, tarbiyachi uy qamog‘iga olingan
Bog‘cha tarbiyachisining bolalarga turli usullarda azob bergani, xususan, yig‘layotgan bolaning og‘ziga latta tiqib qiynagani videokameralarga tushib qolgan edi.

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan “Rayyan Kids Land” nodavlat ta’lim muassasasining litsenziyasi sud qaroriga asosan bekor qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur qaror muassasa tarbiyachisi tomonidan bolalarga nisbatan muntazam jismoniy tazyiq va qiynoqlar qo‘llanilgani ortidan qabul qilingan.
Litsenziyaning bekor qilinishi va tergov jarayoni
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining kiritgan da’vo arizasi bugun, 14-iyul kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqildi. Sud majlisi natijasiga ko‘ra, oilaviy korxonaga 2025 yilning 13-avgustida taqdim etilgan ruxsatnoma o‘z kuchini yo‘qotdi deb topildi.
Sudya tomonidan tomonlarga shikoyat qilish huquqlari va muddatlari tushuntirilgan.
Bundan oldinroq, ushbu bog‘chada tarbiyachi vazifasida ishlovchi G.A. bolalarga turli usullarda azob bergani, xususan, yig‘layotgan bolaning og‘ziga latta tiqib qiynagani videokameralarga muhrlangan edi.
Mazkur hodisa yuzasidan ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi «a» va «v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining 2026 yil 3-iyuldagi ajrimiga ko‘ra, tarbiyachiga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasi belgilandi. Hozirda tegishli organlar tomonidan tuzilgan ishchi guruh doirasida tergov harakatlari davom etmoqda.





