Toshkent bosh rejasi bahorda o‘zgartirilishi mumkin – Murad Buildings

Murad Buildings rahbariyatining ma’lum qilishicha, Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlanganiga bir yil to‘lmay, unga ilk muhim o‘zgartirishlar kiritiladi.

Toshkent bosh rejasi bahorda o‘zgartirilishi mumkin – Murad Buildings © Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga shu yil bahorda o‘zgarish kiritilishi mumkin. Bu haqda Murad Buildings operatsion direktori Vyacheslav Krivosheyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot.

Nashrga ko‘ra, Krivosheyev bu to‘g‘risida Toshkentda o‘tayotgan Move Real Estate Summit sammitida so‘z ochgan. Uning aytishicha, hozir bozorda yer uchastkasini sotib olish tartibi «birmuncha madaniylashgan». Bir yil oldin bozor «mutlaqo spekulyativ» holatda, «hayotdan va iqtisodiyotdan uzilib qolgan» edi. Xususan, yirik yer egalari uchastkalarni moliyaviy modellarga mos kelmaydigan narxlarda sotgan, bu esa mablag‘ yetishmovchiligi va loyihalarning to‘xtab qolishiga olib kelgan.

«Kimdir iqtisodiy hisob-kitobni noto‘g‘ri qilgan, loyihaga kirib tavakkal qilgan, biroq uni o‘z vaqtida amalga oshirishga ulgurmagan», - deya qo‘shimcha qilgan Vyacheslav Krivosheyev.

Murad Buildings top-menejeri yer bozorida ikkita asosiy yo‘nalish shakllanganini ta’kidlagan: poytaxtda renovatsiya (brownfield) va Yangi Toshkentda noldan qurilish (greenfield). Poytaxtda Yangi Toshkent direksiyasi, «Tashkent Invest» kompaniyasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi orqali davlat yagona lendlord hisoblanadi.

«Shaharda xususiy yer egalari ham qolmoqda. Biroq, Toshkent bosh rejasining tasdiqlanishi vaziyatni keskin o‘zgartirdi: hujjat qurilish qavatlarini asosan 5−8 qavat, kamdan-kam hollarda esa 9 qavat bilan cheklaydi. Loyihalarning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi uchun ushbu uchastkalarda premium obyektlarni qurish kerak, buni har doim ham uddalab bo‘lmaydi», - deb tan oldi Krivosheyev.

«O‘zini vositachi deb atab, qavatlar soni masalasini hal qilishi yoki bosh rejaga o‘zgartirish kiritishi mumkinligini aytadigan ayrim shaxslar bor. Ularga ishonmaslik kerak. Loyihalarni va bosh rejaga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqadigan ma’lum qoidalar va komissiyalar mavjud. Bunday loyihalar juda kam. Ular aynan shu bahorda e’lon qilinadi — biz bu qaror chiqishini kutmoqdamiz. Kelajakda bosh rejaga o‘zgartirish kiritish juda mushkul bo‘ladi», - deya ta’kidlagan Murad Buildings vakili.

Murod Nazarov bu haqda avvalroq aytgandi

2025 yil 17-iyul kuni «Murad Buildings» qurilish kompaniyasi asoschisi, tadbirkor Murod Nazarov Toshkent bosh rejasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lum qilgandi.

«Mana, Xudo xohlasa, kutyapmiz. Toshkent shahrining bosh rejasiga korreksiya kiritilyapti. Xudo xohlasa, yaqinda chiqib qoladi. Va [bosh rejaga ko‘ra], Toshkent shahrini oladigan bo‘lsak, qurilishlar bundan buyon asosan yo renovatsiya, yo rekonstruksiya hududlarida bo‘ladi», — degandi u.

Biroq, oradan ko‘p o‘tmasdan Qurilish vaziri o‘rinbosari Davronjon Adilov Murod Nazarovdan Toshkent bosh rejasini o‘zgartirish bo‘yicha hech qanday taklif olmaganini va ularni ko‘rib chiqishni rejalashtirmayotganini aytgan.

Toshkent bosh rejasi haqida

Ma’lumot uchun, Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi 2024 yil oxirida tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra poytaxt hududi konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan edi. Biroq, keyinchalik Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakili Aziz Xalilov binolar qavatlari bo‘yicha eskirgan me’yorlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini ta’kidladi. Xususan, ilgari 5 qavatli cheklov o‘rnatilgan joylarda 16 va undan baland inshootlarni qurish imkoniyati ilmiy-tadqiqot institutlarining seysmik chidamlilik ekspertizasi xulosalari asosida baholanmoqda. Loyihalar majburiy ekspert nazoratidan o‘tkazilishi va qurilish uchun ruxsatnomalar faqat tasdiqlangan bosh reja talablariga qat’iy muvofiq holda berilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Теглар

Мавзуга оид