Toshkent hayvonot bog‘idagi yagona orangutanda onkologik kasallik aniqlandi
Shifokor ayni vaqtda jonivorning ahvoli qoniqarsiz ekanini bildirdi.
© Foto: Toshkent hayvonot bog‘iToshkent hayvonot bog‘ida yashovchi Sezar laqabli orangutanga suyak to‘qimasining xavfli o‘smasi — osteosarkoma tashxisi qo‘yildi. Bu haqda hayvonot bog‘ ma’muriyati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bog‘ mutaxassislari ushbu holat yuzasidan xorijlik hamkasblari bilan maslahatlashgan va ular ham tashxisni tasdiqlagan.
Hayvonot bog‘ining bosh veterinariya shifokori Mahmud Qo‘ziboyevning so‘zlariga ko‘ra, Sezarga osteosarkoma tashxisi bir yildan sal ko‘proq vaqt oldin qo‘yilgan.
«Biz tegishli muolajalarni olib boryapmiz, biroq bunday kasalliklar davosiz», — dedi Mahmud Qo‘ziboyev.
Shifokor ayni vaqtda jonivorning ahvoli qoniqarsiz ekanini bildirdi.
«Ayni paytda uning ahvoli qoniqarsiz. Shunga qaramay, biz tushkunlikka tushmaymiz va qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ta’kidlanishicha, hayvonot bog‘i orangutanni davolash masalalari bo‘yicha Orangutanlarni himoya qilish xalqaro jamg‘armasi, shuningdek, dunyoning bir nechta hayvonot bog‘lari, jumladan, Moskva va London hayvonot bog‘lari bilan aloqada bo‘lib turibdi.
«Hozir Sezar mehr va e’tiborga, shuningdek, zarur yordamga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj. Biz uning o‘zini yaxshi his qilishi, kerakli yordamni olishi va o‘zi o‘rgangan muhitda qolishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Uning yonida o‘ziga tanish insonlar bo‘lishi, odatdagi sharoiti va xotirjamligi saqlanishi biz uchun juda muhim», — deyiladi ma’muriyat xabarida.
Ta’kidlanishicha, Sezarni hayvonot bog‘i xodimi Mashkura opa o‘z farzandidek boqib-parvarishlab voyaga yetkazgan va kasal bo‘lgan paytlarida yonidan ketmay, tunlarni bedor o‘tkazgan. Shuningdek, kiperlar, xodimlar, rahbariyat va ko‘p yillardan buyon uning yonida bo‘lib kelayotgan bosh veterinariya shifokori Mahmud Qo‘ziboyev ham orangutanga g‘amxo‘rlik qilmoqda.
«Sezar yolg‘iz emasligini bilishingizni xohlardik. Biz doim uning yonidamiz. U sizlarning har biringiz uchun qanchalik qadrli ekanini yaxshi tushunamiz», — deya qayd etilgan munosabatda.
Hayvonot bog‘i jamoasi Sezarga g‘amxo‘rlik qilishda davom etishini va uning oldinda yana ko‘plab yaxshi kunlari bo‘lishiga umid qilayotganini bildirdi.
Sezar Toshkent hayvonot bog‘ida saqlanayotgan maymunlar orasidagi yagona orangutan hisoblanadi.
U 2019 yilda, hali bolalik paytida O‘zbekistondan Qozog‘istonga noqonuniy olib chiqib ketishga urinishganidan so‘ng Toshkent hayvonot bog‘iga kelib qolgan. Bojxona xodimlari jonivorni Zangiota tumanida o‘tkazilgan reyd davomida aniqlab, hayvonot bog‘iga topshirgan edi.





