Toshkent hokimi Sergelida ko‘prik qurish uchun 1,8 mlrd so‘m ajratdi

10.03.2026 | 14:252 дақиқа

Bolalar ko‘prik yo‘qligi uchun kanal ustidagi quvurdan o‘tayotgani aks etgan video tarmoqlarda tarqalgach, shahar hokimining qarori qabul qilindi.

Toshkent hokimi Sergelida ko‘prik qurish uchun 1,8 mlrd so‘m ajratdi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi mahalladan oqib o‘tuvchi kanal ustidagi ko‘prik olib tashlangani sababli bolalar maktabga qatnash uchun kanal ustidagi quvur (truba)dan o‘tayotgani aks etgan video tarqaldi. Xabarlarda qayd etilishicha, ikki oy oldin eski ko‘prik buzib tashlangan.

Toshkent shahar hokimining VAQT.UZ tanishgan 2026-yil 6-martdagi qaroriga ko‘ra, ushbu hududda ko‘prik qurilishi uchun 1 mlrd 860 mln so‘m pul ajratilgan.

«Toshkent shahar hokimining kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga Toshkent shahri, Sergeli tumani, Yuqori Darxon mahalla hududidan oqib o‘tuvchi Jo‘n kanali ustidan o‘tgan ko‘prikni qayta qurish ishlari uchun talab etilayotgan 1 860,0 mln (bir milliard sakkiz yuz oltmish million) so‘m mablag‘ni ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin», – deyiladi shahar hokimi Shavkat Umurzoqov imzolagan hujjatda.

Shahar hokimligining matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaning VAQT.UZʼga ma’lum qilishicha, kanal ustidan o‘tgan quvur o‘z joyida qoladi, quvurdan taxminan 50 metr masofada ko‘prik quriladi. Yangi ko‘prikdan mashinalar ham, odamlar ham o‘ta oladi. Avvalgi ko‘prik hashar usulida qurilgan va avariyaviy holatda bo‘lgan.

Bu birinchi marta emas

O‘tgan yili ham Sergeli tumanidagi aynan ushbu mahallada maktab o‘quvchilari loy kechib, kanalizatsiya quvurlaridan kelgan chiqindi suvlar oqib o‘tuvchi kanal ustidagi omonat ko‘prikdan o‘qishga qatnayotgani tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Shundan so‘ng tuman hokimligi yo‘lni ta’mirlashni boshlagan.

Теглар

Мавзуга оид