Toshkent uchun 3,5 mlrd dollarlik investitsiya va eksport kelishuvlari imzolandi

Toshkent shahrida drenaj va yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimini modernizatsiya qilish uchun 400 mln dollarlik loyiha amalga oshiriladi. Bu kelishuv doirasida imzolangan yirik investitsiya paketining bir qismi bo‘ldi.

Toshkent uchun 3,5 mlrd dollarlik investitsiya va eksport kelishuvlari imzolandi © Vaqt.uz

Toshkent shahar hokimligi ma’lum qilishicha, Xitoyning Sian shahrida o‘tgan III O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Forum yakunida poytaxt uchun umumiy qiymati 3,5 mlrd dollardan ortiq investitsiya va eksport shartnomalariga erishilgan. Shundan 3 mlrd 350 mln dollari investitsiya loyihalariga, 156 mln dollari esa eksport bitimlariga to‘g‘ri keladi.

Tashabbusning asosiy maqsadi

Ma’lum qilinishicha, tashabbuslarning asosiy maqsadi Toshkentni aholi va mehmonlar uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy shaharga aylantirishdan iborat. Shu maqsadda transport tizimi, jamoat joylari, avtoturargohlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ekologik yechimlarni rivojlantirish rejalashtirilgan.

Qanday dastur asosida amalga oshiriladi?

Loyihalar EPC+F modeli asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bunda moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari va davlat kafolatlarisiz, xitoylik hamkorlar tomonidan jalb qilinadi. Xarajatlar esa keyinchalik shahar budjeti uchun yaratiladigan yangi daromad manbalari hisobidan bosqichma-bosqich qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Kelishuvlar doirasida «Yangi Avlod» maxsus sanoat zonasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Xitoyning Jwise, Zhongke Honghu, CAS Cloud va UMGG kompaniyalari bilan umumiy qiymati 130 million dollarlik investitsiyaviy hamkorlik bitimlari imzolandi. Ushbu kelishuvlar yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni kengaytirish va biznes infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:


Drenaj kollektorlari, irrigatsiya va yomg‘ir suvlarini chetlashtirish tizimini rivojlantirish — 400 mln dollar;

24/7 formatidagi zamonaviy brendli ko‘chalarni yaratish — 100 mln dollar;

Renovatsiya hududlarida zamonaviy ko‘p qavatli turar joy majmualarini qurish — 500 mln dollar;

EPC+F asosida BRT, yo‘l o‘tkazgichlar va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish — 1 mlrd dollar;

Transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma investitsiyaviy loyihalar — 1 mlrd dollar;

Bezak toshlarini ishlab chiqarish — 150 mln dollar;

Chiqindilarni saralash uchun «aqlli» uskunalar ishlab chiqarish — 50 mln dollar;

Keramika mahsulotlari ishlab chiqarish — 150 mln dollar.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Toshkentda kuchli yog‘ingarchilik paytida ko‘chalarni suv bosishi muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Hozirgi drenaj tizimi sutkasiga 20 mmgacha yog‘inni qabul qilish imkoniyatiga ega. Yangi bosh rejaga muvofiq, bu ko‘rsatkichni bosqichma-bosqich 36 mmgacha oshirish maqsad qilingan.

Теглар

Мавзуга оид