Logo

Toshkent va Ammon o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Бугун 10:251 дақиқа

30-iyundan boshlab O‘zbekiston va Iordaniya poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Yangi yo‘nalish turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Toshkent va Ammon o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi © planespotters.net

O‘zbekiston va Iordaniya poytaxtlari — Toshkent hamda Ammon o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi aviayo‘nalish ochilishi munosabati bilan Iordaniyada O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda mamlakatning turizm sohasi vakillari, yirik turoperatorlar, mehmonxona biznesi rahbarlari hamda Royal Jordanian Airlines aviakompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi.

Taqdimot davomida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Islom sivilizatsiyasiga oid muqaddas qadamjolar, buyuk allomalar merosi hamda xorijlik ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar Iordaniya tomonining qiziqishiga sabab bo‘lgani qayd etildi.

Dastlabki muntazam reys 30-iyun kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jadvalga ko‘ra, Royal Jordanian Airlines aviakompaniyasining RJ196 reysi Ammondan mahalliy vaqt bilan soat 22:50 da uchib, keyingi kuni soat 05:25 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.

Avvalroq O‘zbekiston va Iroq rasmiylari ham Bag‘dod—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qilgani xabar qilingan edi.

Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, biznes-missiyalar va B2B uchrashuvlarini ko‘paytirish, ikki mamlakatning turizm imkoniyatlarini birgalikda targ‘ib qilish yuzasidan kelishuvga erishgan.

Теглар

Мавзуга оид