Toshkent xalqaro aeroportidagi oltita avtoturargoh auksionga chiqarildi

Ijara shartlariga ko‘ra, operator hududda raqamli navigatsiya, bo‘sh joylarni ko‘rsatuvchi tablolar va elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini o‘rnatishi lozim.

Toshkent xalqaro aeroportidagi oltita avtoturargoh auksionga chiqarildi

Toshkent xalqaro aeroporti hududidagi jami 1,5 mingga yaqin avtomobil sig‘adigan oltita avtoturargohni ijaraga berish huquqi bo‘yicha «E-auksion.uz» platformasiga lot joylashtirildi. Bu haqda «Uzbekistan Airports» kompaniyasi ma’lum qildi.

Umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan turargohlar (P1, P3, P4, P5, P7, P8) 3 yil muddatga ijaraga beriladi. Lotning yillik boshlang‘ich narxi 48 778 800 000 so‘m etib belgilangan bo‘lib, auksion savdolari 2026 yil 19-may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ijara shartlariga ko‘ra, operator hududda raqamli navigatsiya, bo‘sh joylarni ko‘rsatuvchi tablolar va elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini o‘rnatishi lozim. Shuningdek, boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimi, raqamlarni tanish tizimi va onlayn band qilish imkoniyati bo‘lgan mobil servisni ishga tushirish talab etiladi.

Ijara haqi ikki qismdan — auksionda aniqlanadigan qat’iy summa hamda tushumning 5 foizi miqdoridagi o‘zgaruvchan to‘lovdan iborat bo‘ladi. Ijarachi turargohlarni tunu kun ekspluatatsiya qilish, qo‘riqlash va obodonlashtirish ishlariga investitsiya kiritish majburiyatini oladi.

Auksion qoidalariga ko‘ra, savdolar davomida boshlang‘ich summa kamida 5 foizga oshishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид