Logo

Toshkentda 8 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi

Бугун 16:281 дақиқа

Anomal issiq sabab Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim elektr uzatish tarmoqlari hamda podstansiyalarida texnik nosozliklar yuzaga kelgan.

Toshkentda 8 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi

16-iyul kuni soat 14:30 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim elektr uzatish tarmoqlari hamda podstansiyalarida texnik nosozliklar yuzaga keldi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Vazirlik matbuot kotibi Dildora Hoshimovaning Vaqt.uz'ga ma’lum qilishicha, nosozliklarga havo haroratining keskin ko‘tarilishi va elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamaning ortishi sabab bo‘lgan.

Oqibatda Olmazor, Yakkasaroy, Chilonzor, Yunusobod, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli hamda Zangiota tumanlaridagi 8 250 ta iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotidan uzilgan.

Ayni paytda maxsus avariya brigadalari nosozliklarni bartaraf etish va iste’molchilarning elektr ta’minotini qayta tiklash ishlarini olib bormoqda.

Vazirlikka ko‘ra, elektr ta’minotidagi rejali va rejadan tashqari uzilishlar haqida har bir tuman elektr ta’minoti korxonasi tashkil etgan Telegram guruhlari orqali muntazam ma’lumot berib borilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari tashkil etgan Telegram guruhlarida ham elektr ta’minotidagi uzilishlar va ta’mirlash ishlari yuzasidan tezkor axborotlar e’lon qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vazirligi yirik avariyalarning oldini olish uchun ayrim hududlarda 2 soatgacha elektr ta’minotiga majburiy cheklovlar joriy etilganini ma’lum qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид