Toshkentda sovuq suv ta’minoti vaqtincha cheklanadi
30-martdan boshlab Toshkent shahrida rejali ta’mirlash ishlari sabab ichimlik suvi ta’minoti navbatma-navbat vaqtincha cheklanadi.

Toshkent shahrida 30-martdan 12-maygacha ayrim hududlarda ichimlik suvi ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi yoki bosimi pasayishi mumkin. Bu haqda «Toshkent shahar suv ta’minoti» ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu cheklovlar bahorgi mavsumga tayyorgarlik doirasida yirik hajmdagi suv o‘tkazgich tarmoqlarida rejali profilaktika va ta’mirlash ishlari olib borilishi bilan bog‘liq.
Muassasa ma’lumotiga ko‘ra, ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va shu sababli shaharning turli tumanlarida suv ta’minoti navbatma-navbat cheklanadi. Bu jarayonda ayrim joylarda suv bosimi pasayishi yoki umuman vaqtincha yo‘q bo‘lishi mumkin.
Ichimlik suvi ta’minoti o‘chirilish sanalari va manzillarini bu yerda bilib olishingiz mumkin.
Suv tashuvchi avtomashinalar orqali ichimlik suvi yetkazib beriladi
Shu bilan birga, suv ta’minoti uzilgan hududlarga maxsus suv tashuvchi avtomashinalar orqali ichimlik suvi yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Bu orqali aholining ehtiyojlarini qisman qoplash ko‘zda tutilmoqda.
Fuqarolar suv ta’minotidagi o‘zgarishlar, aniq manzillar va vaqtlar haqida qo‘shimcha ma’lumotni markaziy dispetcherlik xizmati orqali olishlari mumkin. Buning uchun +99871 256-10-95, +99871 252-60-08 telefon raqamlari yoki 1054 qisqa raqami ishlamoqda.
Shuningdek, hududiy bo‘limlar orqali ham zarur ma’lumotlarni olish imkoniyati mavjudligi ta’kidlangan.





