Toshkentdagi ko‘p qavatli uylar hovlisidan avtoturargohlar olib tashlanadi
Avtoturargohlardan bo‘shagan maydonlar aholining dam olishi, bolalar o‘ynashi va sayr qilishi uchun moslashtiriladi.
© yandexmapsToshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning ichki hovlisidan avtoturargohlar va avtomobil yo‘laklarini hududdan tashqariga chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi «15 daqiqali qulay muhit» loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan bergan xabarida ma’lum qilindi.
Loyiha g‘oyasiga ko‘ra, bog‘cha, maktab, oilaviy poliklinika, maishiy xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanlari aholi yashash joyidan piyoda 15 daqiqalik masofada joylashishi kerak. Ushbu tizim orqali aholining kundalik yumushlariga kamroq vaqt ketib, oila, hordiq chiqarish va muloqot uchun ko‘proq vaqt qolishi maqsad qilingan.
Mahallalar ichida bolalar aravachasi bilan sayr qilish, soyada nafas rostlash yoki qo‘shnilar bilan suhbatlashishga mo‘ljallangan xiyobonlar hamda sersoya yo‘laklar barpo etiladi. Shuningdek, hududlarda bolalar va kattalar uchun sport maydonchalari hamda uchrashuv joylarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida mahalla ko‘chalarida zamonaviy videokuzatuv tizimlari va favqulodda vaziyatlarda yordam chaqirish imkonini beruvchi ko‘zga tashlanadigan SOS tugmalari o‘rnatilishi belgilangan.
«Loyihaning vazifasi — odamlar o‘rtasidagi odatiy rishtalarni, o‘zaro hurmat va yordamga tayyorlik hissini saqlab qolgan holda mahallalarni yanada qulay va xavfsiz maskanga aylantirishdir», — deyiladi hokimlik xabarida.
Mazkur o‘zgarishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14-oktabr kuni Toshkent shahrida mahallalarni obodonlashtirish, yangi maktab va bog‘chalar qurish hamda shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishuvi ortidan amalga oshirilmoqda. Poytaxtda «15 daqiqalik mahalla» tamoyili asosida 2027-yilda 100 ta, 2030-yilga borib esa jami 400 ta mahallani kompleks yangilash rejalashtirilgan.





