Logo

Toshkentning yangi aeroporti 2065-yilgacha xususiy investorlar boshqaruviga o‘tadi

Toshkent viloyatida dastlabki qiymati qariyb 3 milliard dollarga teng bo‘lgan Yangi xalqaro aeroport barpo etiladi. 2026-yil 17-iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida loyihani amalga oshirish va uni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DXSH) shartnomasi tuzildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Toshkentning yangi aeroporti 2065-yilgacha xususiy investorlar boshqaruviga o‘tadi

Mazkur yirik loyiha Saudiya Arabistonining «Vision International Investment» (Vision Invest) kompaniyasi boshchiligidagi xalqaro konsorsium tomonidan amalga oshiriladi. Konsorsium tarkibiga Yaponiyaning «Sojitz Corporation» va Koreya Respublikasining “Incheon International Airport Corporation” kompaniyalari ham kiritilgan. Kelishuvga muvofiq, yangi aeroport 35 yil muddatga DXSH mexanizmlari asosida tashqi boshqaruvga beriladi.

Loyihaning texnik ko‘rsatkichlari va infratuzilmisi

Yangi aeroport majmuasi 2026-2030 yillar davomida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 310 gektar maydonda qurilishi belgilangan. 2030 yil oxirida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan majmuaning dastlabki bosqichida yiliga 20 million yo‘lovchiga va 300 ming tonnagacha yukga xizmat ko‘rsatiladi. Istiqbolda esa yo‘lovchi o‘tkazish qobiliyati 46 millionga yetkazilishi kutilmoqda.

Qurilish loyihasi doirasida amaldagi aeroport terminalidan to‘rt barobar katta bo‘lgan, umumiy maydoni 208 ming kvadrat metrni tashkil qiluvchi yangi yo‘lovchi terminali qad rostlaydi. Dastlabki bosqichda har birining uzunligi 4 kilometr bo‘lgan 2 ta uchish-qo‘nish yo‘lagi, havo kemalari uchun 98 ta (kelajakda 160 dan ortiq) to‘xtash joyi, yoqilg‘i quyish majmuasi, zamonaviy dispetcherlik minorasi hamda 40 dan ortiq teleskopik traplar barpo etiladi. Ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bir vaqtning o‘zida samolyotlarning uchishi va qo‘nishiga imkon berib, soatiga 30 dan ortiq operatsiyalarni amalga oshirishni ta’minlaydi. Bu haqda rasmiy relizda qayd etildi.

Imzolangan bitimga asosan, vazifalar taqsimoti ham tasdiqlangan. Unga ko‘ra, xususiy sheriklar konsorsiumi yo‘lovchi terminali va vokzal atrofi maydonini qurish va keyinchalik ekspluatatsiya qilishni o‘z zimmasiga oladi. Davlat sherigi esa aerodrom majmuasini qurish va boshqarishni ta’minlaydi.

«Uzbekistan Airports» boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha O‘zbekiston aviatsiya sanoatini rivojlantirishda yangi bosqich bo‘lib, mamlakatning Markaziy Osiyodagi asosiy transport markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

Aeroport qurilishi O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 25-noyabrdagi 353-sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda. Obyektga avtomobil yo‘li va mahalliy temir yo‘l qatnovlari orqali yetib borish uchun qo‘shimcha transport yechimlari ishlab chiqiladi.

Tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, 2026 yilning iyun oyida muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish, hududni tayyorlash va bosqichma-bosqich qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид

Toshkentning yangi aeroporti 2065-yilgacha xususiy investorlar boshqaruviga o‘tadi | Vaqt.uz