Trampga yuborilgan maxsus sovg‘a, Ukrainani tabriklagan TIV va kibertahdidlarga qarshi yangi institut — 24-avgust dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ilhom Aliyev: Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni butunlay o‘zgartirdi
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti hamda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.
Uning ta’kidlashicha, davlat rahbari mamlakat boshqaruviga kelgan paytdagi vaziyat bilan bugungi holat o‘rtasida juda katta farq bor bo‘lib, O‘zbekistonni rivojlanish yo‘liga olib chiqish hamda uning iqtisodiyotini shakllantirish uchun juda katta kuch bilan ishlashga to‘g‘ri kelgan.
Jamshid Qo‘chqorov mamlakatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va kelgusi rejalari haqida ma’lumot berdi
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tashqi davlat qarzi YAIMning taxminan 27 foizini tashkil etayotgani hamda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashni rejalashtirayotganini aytdi.
Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi o‘n yilda o‘rtacha yiliga 6−7 foizga o‘sgan. Shu davrda mamlakat yalpi ichki mahsuloti qariyb 60 mlrd dollardan 180 mlrd dollargacha oshib, iqtisodiyot hajmi uch barobarga ko‘paygan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM ham 1900 dollardan 4600 dollargacha o‘sgan. Bu O‘zbekistonning o‘rtadan yuqori daromadli davlatlar guruhiga yaqinlashishiga imkon bergan.
Kibertahdidlarga qarshi yangi institut tashkil etildi
O‘zbekiston prezidenti 20-avgust kuni «O‘zbekiston Respublikasi Kriptologiya, axborot xavfsizligi va innovatsion texnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Yangi institut Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Radioelektron tizimlar va axborot texnologiyalari markazi negizida tashkil etildi. U mazkur markazning barcha huquq, majburiyat va vazifalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
O‘zbekiston TIV Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukrainani 24-avgust — Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Vazirlikning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida Ukraina xalqiga qaratilgan qisqa tabrik e’lon qilindi.
Joriy yilda Ukraina o‘zining davlat mustaqilligi e’lon qilinganining 35 yilligini nishonlamoqda. Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, ushbu davlat 1991 yilda sobiq ittifoq tarkibidan ajralib chiqqan.
Mirziyoyev Trampga maxsus sovg‘a yubordi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampga ikkita an’anaviy o‘zbek shiyponini maxsus sovg‘a sifatida yubordi. «New York Times» nashrining xabar berishicha, murakkab yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan ushbu shiyponlar Vashingtondagi G‘arbiy Potomak parkida barpo etilishi rejalashtirilayotgan Amerika Qahramonlari milliy bog‘iga o‘rnatiladi.
AQSH Ichki ishlar departamentining aloqa bo‘yicha direktori Keti Martin ushbu sovg‘ani tasdiqlagan. Shuningdek, O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Siddiqov ham ijtimoiy tarmoqda shiyponlar Amerika Qahramonlari bog‘ining bir qismiga aylanayotganini qayd etdi.





