Trampizm va yangi dunyo tartibi: AQSHning global roli o‘zgarmoqda
Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan G‘arb yetakchiligidagi global boshqaruv tizimi jiddiy tarixiy burilish pallasini boshdan kechiryapti.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda G‘arb yetakchiligidagi boshqaruv tizimlari va ko‘p tomonlama institutlarning keng tarmog‘ini yaratgan idealizm g‘oyasi hukmronlik qilgan bo‘lsa, endilikda bu tartib o‘zining hal qiluvchi tarixiy burilish pallasiga kirdi. Bu haqda BMTning sobiq xodimi va xalqaro siyosat bo‘yicha tadqiqotchi Firas Dabbag‘ o‘zining «Al Jazeera» nashri uchun yozgan maqolasida ma’lum qildi.
«AQSH prezidenti Donald Trampning ikki boshqaruv davrida shakllangan tashqi siyosat tamoyillari — bir tomonlama harakatlar, manfaatli millatchilik va tarixiy ittifoqlarni qayta ko‘rib chiqish — avvalgi xalqaro me’yorlardan butkul voz kechishni anglatadi», — deya qayd etadi muallif.
Uning ta’kidlashicha, ta’sir o‘tkazishning majburlovchi usullarini media manipulyatsiyalari bilan uyg‘unlashtirgan bu burilish dunyoda yangi tashqi siyosiy fenomen — trampizmni yuzaga keltirdi.
Maqolada yozilishicha, trampizm milliy suverenitetni himoya qilish g‘oyasini amaldagi tuzumga qarshilik bilan birlashtirib, bir necha avloddan beri global boshqaruvga tayanch bo‘lgan asosiy tamoyillarni tizimli ravishda shubha ostiga olmoqda.
«Aslida bu G‘arb hukmronligidagi dabdabali global yetakchilikdan markazlashmagan, aniq masalalarga yo‘naltirilgan va o‘ta pragmatik (o‘zaro manfaatli savdolashuvga asoslangan) xalqaro tartibga ongli ravishda o‘tish demakdir», — deya xulosa qiladi tadqiqotchi.
Dabbag‘ning kuzatishlariga ko‘ra, trampizmning amaliy strategiyasi an’anaviy ko‘p tomonlama majburiyatlarni chetga surib, bor e’tiborni iqtisodiy siyosat va milliy manfaatlarga shafqatsizlarcha qaratgan. Muallif tashqi siyosiy aloqalar ochiqdan-ochiq ichki iqtisodiyot ustuvorliklariga — qayta sanoatlashtirish, mudofaa sanoatini tiklash, energetik ustunlik, muvozanatli savdo va moliya sektoridagi yetakchilikka bog‘langanini e’tirof etadi.
Bu maqsadlarga erishish yo‘lida Tramp ma’muriyati keng ko‘lamli ko‘p tomonlama kelishuvlardan voz kechib, ikki tomonlama bitimlarni afzal ko‘rgan. Shuningdek, yuqori bojlar, majburiy savdo choralari va sanksiyalarni davlat qudratining asosiy quroliga aylantirgan.
Ekspertning fikricha, ma’muriyatning keng qamrovli sanksiyalar qo‘llashi va qonunlarni mamlakat hududidan tashqarida ham agressiv tarzda ishlatishi global miqyosda xalqaro huquq, davlat suvereniteti va milliy yurisdiksiya chegaralari borasida qizg‘in bahslarni keltirib chiqardi.
«Kuch orqali tinchlik» shiori ostida trampizm ittifoqchilar va raqiblarga birdek bosim o‘tkazish uchun huquqiy, iqtisodiy va xavfsizlik mexanizmlarini birlashtirdi», — deyiladi materialda. Bunda huquq-tartibot idoralari faoliyati va milliy xavfsizlik maqsadlaridan muntazam ravishda tashqi siyosatning bevosita quroli sifatida foydalanilganligi ta’kidlanadi.
Tadqiqotchining yozishicha, bunday pozitsiya bevosita jamoaviy mudofaa va xavfsizlik tizimlariga, xususan, NATOga ham ko‘chib o‘tdi. Trampizm G‘arbning mudofaa xarajatlarini taqsimlash tartibini jiddiy taftish qilib, AQSH mablag‘lar va strategik xatarlarning haddan tashqari katta qismini o‘z zimmasiga olganini ochiq ko‘rsatib bergan.
Institutsional inqiroz
Maqolaga ko‘ra, trampizmning tizimli oqibatlari global boshqaruv iyerarxiyasining barcha qatlamlarida o‘z aksini topgan. Xalqaro forumlarda AQSH ma’muriyati misli ko‘rilmagan beqarorlik va kutilmagan xatti-harakatlar namoyish qilgani aytiladi. Ular ko‘p hollarda o‘rnatilgan xalqaro kelishuvlardan voz kechib, nufuzli institutlar bilan hamkorlikni to‘xtatgan. Firas Dabbag‘ning ta’kidlashicha, yetakchilikning bunday beqaror uslubi global boshqaruvdagi jiddiy zaifliklarni yuzaga chiqardi va Sovuq urushdan keyingi liberal xalqaro tartibning parchalanishini tezlashtirdi.
«Institutsional izdan chiqishning eng katta qurbonlaridan biri Birlashgan Millatlar Tashkiloti, xususan, uning Xavfsizlik Kengashi bo‘ldi», — deb hisoblaydi BMT sobiq xodimi. Uning fikricha, Tramp siyosati Xavfsizlik Kengashining qonuniyligi, vakolatlari va samaradorligi atrofidagi bahs-munozaralarni yanada kuchaytirgan.
Muallif kuzatuvchilarning fikrlariga tayanib, ildiz otgan geosiyosiy raqobat, institutsional inersiya va mustamlakachilik davridan qolgan tarkibiy iyerarxiya BMT Xavfsizlik Kengashini shundoq ham falaj ahvolga solib qo‘yganini bildiradi. Oqibatda tashkilot jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirish o‘rniga, islohotlarning dastlabki muhokama bosqichidayoq qolib ketdi. AQSHning xalqaro institutlardagi ishtiroki susayishi bu inersiyani yanada kuchaytirgan va xalqaro xavfsizlik organlarining uzoq muddatli barqarorligi hamda nufuzi borasida jiddiy savollarni o‘rtaga tashlagan.
Maqolada keltirilishicha, tarafdorlar Tramp ma’muriyati saralangan, yuqori darajadagi hamkorlik (masalan, hamfikr ittifoqchilar bilan ishlash va umumiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha BMT Bosh kotibi bilan muloqot qilish) orqali zarur institutsional islohotlarni amalga oshirishga intilmoqda, deb hisoblashadi. Biroq, muallifning qo‘shimcha qilishicha, tanqidchilar bu qadamlarni global barqarorlikdan ko‘ra bevosita milliy manfaatlarni ustun qo‘yish sifatida baholamoqda.
Ko‘p qutbli va mintaqaviylashgan tartibning yuzaga kelishi
Tadqiqotchi AQSHning global boshqaruvdan chekinishi natijasida yuzaga kelgan qudrat bo‘shlig‘i xalqaro siyosatning tubdan qayta shakllanishiga turtki berayotganiga e’tibor qaratadi. Boshqaruvdagi bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun o‘rtacha qudratga ega davlatlar va mintaqaviy bloklar tobora ko‘proq sahnaga chiqmoqda. Bu kuchlar mintaqaviy tizimlar va muayyan masalalarga qaratilgan koalitsiyalar tuzib, ularni G‘arb hukmronligidagi an’anaviy institutlarga muhim qo‘shimcha yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muqobil sifatida taqdim etmoqda.
Мақолада yozilishicha, bunday global burilish xalqaro munosabatlar bo‘yicha olimlar va siyosatchilar orasida Tramp merosi yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqargan.
Bir tomondan, ayrimlar u keltirib chiqargan uzilishlar islohotlar va tizimli barqarorlik uchun o‘ziga xos katalizator bo‘lib xizmat qiladi, deb hisoblaydi. O‘rtacha qudratga ega va G‘arbga mansub bo‘lmagan davlatlarni mintaqaviy xavfsizlik hamda iqtisodiy hamkorlik uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga undash orqali, trampizm zamonaviy geosiyosiy voqeliklarga javob bera oladigan yanada inklyuziv, real va ko‘p tomonlama global tartibni shakllantirayotgani ilgari suriladi.
Boshqalar esa AQSHning ko‘p tomonlama majburiyatlardan voz kechishi jamoaviy xavfsizlik kelishuvlarini barbod qilgani va xalqaro institutlar nufuziga putur yetkazganidan ogohlantirmoqda. Ularning nuqtai nazariga ko‘ra, G‘arb yetakchiligining zaiflashuvi davomli strategik raqobat, mintaqaviy beqarorlik va muhim xalqaro forumlarda xavfli boshqaruv bo‘shliqlari yuzaga kelishiga zamin yaratgan.
Buyuk davlat tushunchasining qayta talqini
Firas Dabbag‘ Tramp prezidentligi davridagi tashqi siyosatni shunchaki vaqtinchalik chekinish yoki shaxsiy siyosiy uslubdagi oddiy o‘zgarish sifatida qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bu hodisa bejizga «trampizm» degan doimiy atamaga munosib ko‘rilmagan. Boisi, u xalqaro davlat boshqaruvining o‘ziga xos va kelajakda ham takrorlanishi mumkin bo‘lgan yangi paradigmasini yaratdi.
«Trampizm kutilmagan diplomatiyani ongli ravishda siyosiy qurolga aylantirdi. U milliy farovonlikni xalqaro institutlar barqarorligidan ustun qo‘ydi hamda global boshqaruv cheklovlariga qarshi mutlaq milliy suverenitet g‘oyasini himoya qildi», — deb yozadi muallif. Shu orqali bu oqim zamonaviy dunyoda buyuk davlatlar o‘z ta’sirini qanday o‘tkazishi mumkinligini tubdan qayta belgilab berayotgani qayd etiladi.
Maqola so‘ngida tadqiqotchi Trampning tashqi siyosati zamonaviy xalqaro tizimda o‘chmas iz qoldirishi ta’kidlaydi. Liberal xalqaro tartibning asosiy tamoyillariga qarshi chiqish orqali u kuchlar muvozanatini butunlay o‘zgartirmoqda. Natijada dunyo markazlashmagan boshqaruv, kuchayib borayotgan mintaqaviylashuv va yangi boshqaruv modellarini uzluksiz izlash bilan ajralib turadigan yangi davrga qadam qo‘yishga majbur bo‘lmoqda.





