Trampning OAV vakillari bilan kechki ovqatlanishi chog‘ida otishma yuz berdi

Бугун 10:052 дақиқа

Oq uy muxbirlari uyushmasining an’anaviy kechki tadbiri paytida otishma yuz bergan. Gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olingan.

Trampning OAV vakillari bilan kechki ovqatlanishi chog‘ida otishma yuz berdi © koreatimes.co.kr

AQSH prezidenti Donald Tramp va uning ma’muriyati a’zolari kecha, 25-aprel kuni Oq uy muxbirlari uyushmasining an’anaviy kechki tadbiri bo‘lib o‘tayotgan «Washington Hilton» mehmonxonasidan «xavfsizlik tahdidi» sabab evakuatsiya qilindi, deb xabar bermoqda mahalliy OAV. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, gap mehmonxonada o‘q uzgan erkak haqida ketmoqda.

AQSH maxfiy xizmati va boshqa xavfsizlik idoralari Tramp nutqini kutayotgan yuzlab odamlar jamlangan banket zali atrofini o‘rab olgan, deb yozadi «Associated Press». Ayrim ishtirokchilarning aytishicha, ular taxminan beshdan sakkiztagacha o‘q ovozini eshitgan. O‘q uzgan shaxs zalga kirmagan, voqea mehmonxonaning boshqa qismida sodir bo‘lgan.

Tadbirda Trampdan tashqari, birinchi xonim Melaniya Tramp, AQSH vitse-prezidenti J.D. Vens, mudofaa vaziri Pit Hegset va davlat kotibi Marko Rubio ham ishtirok etgan. Ular, shuningdek, tadbirga taklif qilingan jurnalistlar ham evakuatsiya qilingan, mehmonxonada xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Hodisa natijasida jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.

Tramp: O‘q uzgan shaxs qo‘lga olindi

Keyinchalik Oq uy press-puli AQSH maxfiy xizmati gumon qilingan o‘qchi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Bu ma’lumotni Donald Tramp ham «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi postida tasdiqladi.

«Vashingtonda juda keskin kecha bo‘ldi. Maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qilish organlari ajoyib ish qildi. Ular tez va jasur harakat qildi. O‘qchi qo‘lga olindi. Men «shouni davom ettirish»ni tavsiya qildim, ammo to‘liq ravishda huquqni muhofaza qilish organlari tavsiyalariga amal qilaman», – deb yozdi AQSH prezidenti.

Biroz vaqt o‘tgach, Tramp matbuot anjumani o‘tkazdi. Uning aytishicha, hujumchida bir nechta qurol bo‘lgan va u odamlarni o‘ldirish niyatida bo‘lgan. Shuningdek, u AQSH maxfiy xizmati xodimlaridan biriga o‘q tekkanini, ammo bronejilet uni himoya qilganini bildirdi.

Shuni ta’kidlash joizki, «Washington Hilton» mehmonxonasi tarixida bu birinchi suiqasd emas — 1981-yilda aynan shu yerda prezident Ronald Reyganga hujum uyushtirilgan edi. Tramp ushbu voqea sababli bekor qilingan tantanali kechki ovqatni 30 kundan keyinga ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Koul Allen 27-aprel kuni federal sud oldida javob beradi. Unga qurol qo‘llash va zobitga hujum qilish ayblari qo‘yilgan, biroq tergov davomida ayblovlar yanada og‘irlashishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид