Trampning «oltin smartfoni» nihoyat sotuvga chiqmoqda

Бугун 21:002 дақиқа

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Trampning smartfonlari qariyb bir yillik kechikishdan so‘ng xaridorlarga jo‘natilishni boshlaydi. Bu haqda «Trump Mobile» kompaniyasi rasmiy bayonotiga tayanib, «CNN» xabar berdi.

Trampning «oltin smartfoni» nihoyat sotuvga chiqmoqda

Ma’lum qilinishicha, shu haftadan — kompaniya 100 dollar miqdorida depozitlarni qabul qilishni boshlaganidan bir yil o‘tib tilla bilan qoplangan «Trump Phone» qurilmalari egalariga jo‘natiladi.

Narxi 499 dollar bo‘lgan va rasman «Trump Mobile T1» deb nomlangan ushbu smartfon tashqi ko‘rinishidan «Walmart» do‘konlarida 200 dollardan arzonroq sotiladigan Xitoy telefonlarini eslatadi. «Trump Organization» dastlab va’da qilgan xususiyatlardan farqli o‘laroq, qurilma kichikroq ekran va kamroq xotir hajmiga ega bo‘lgan. Biroq Tramp brendi va oltin rangi o‘zgarishsiz qolgan.

«Fortune» nashrining qayd etishicha, avvalroq kompaniya qurilma ishlab chiqarilishini kafolatlamasligini bildirgan edi. Shunga qaramay, «Trump Mobile» ijtimoiy tarmoqlarda telefonlar jo‘natilishi haqida rasmiy xabar qoldirdi. Izoh qoldirish imkoniyati esa o‘chirib qo‘yilgan.

Kechikish sabablari


«T1 telefoniga oldindan buyurtma berganlar yangilik xatini oladilar. Telefonlarni jo‘natish shu haftadan boshlanadi!!!» — deb yozilgan kompaniya xabarida.

Dastlab o‘tgan yilning avgust oyida yetkazib berilishi kerak bo‘lgan smartfonlarning kechikishiga «murakkab texnologik mahsulotni bozorga chiqarish jarayoni» sabab qilib ko‘rsatildi.

«Texnologik biznes ba’zilar o‘ylaganidan ko‘ra murakkabroq, chunki barcha qismlar sifat nazoratidan o‘tishi kerak. Talab juda yuqori bo‘lgani sababli buyurtmalar imkon qadar tezroq bajarilmoqda va biz yaqin bir necha hafta ichida jarayon yakunlanishini kutmoqdamiz», — degan kompaniya bosh ijrochi direktori Pet O’Brayen «CNN»ga bergan bayonotida.

Tahlilchi Maks Vaynbaxning so‘zlariga ko‘ra, «Android» qurilmalari uchun dasturiy ta’minot va ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalarni yakunlash odatda 18 oy vaqt oladi.

«Android qurilmasini bozorga chiqarish uchun ko‘plab to‘siqlardan o‘tish talab etiladi», — deb yozadi u.

Made in China?

Qayd etilishicha, telefon dastlab «AQSHda ishlab chiqarilgan» deb taqdim etilgan edi. Biroq keyinchalik bu jumla «Amerika qadriyatlarini inobatga olgan holda loyihalashtirilgan» deb o‘zgartirilgan. Soha ekspertlari smartfonning texnik tavsiflari Xitoy ishlab chiqaruvchisining mahsulotiga o‘xshashligini ta’kidlab, uning Amerikada ishlab chiqarilganiga shubha bildirishgan.

Smartfonning chiqarilishi Tramp prezidentlik davrida o‘z nomidan foyda ko‘rish maqsadida foydalangani haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi. Qurilma «Trump Organization» tomonidan yaratilgan bo‘lib, unga prezident Trampning katta o‘g‘illari Erik va Donald Kichik rahbarlik qiladi.

Demokrat senator Elizabet Uorren ushbu kechikishni «Trampning navbatdagi firibgarligi» deb atadi. Ma’lumot o‘rnida, telefonning aloqa va internet rejasi narxi 47,45 dollarni tashkil etadi, bu Donald Trampning AQSHning 45 va 47-prezidenti bo‘lganiga ishoradir.

Теглар

Мавзуга оид