Turkiyada vahshiylarcha o‘ldirilayotgan o‘zbek ayollari
Turkiyada o‘zbek ayollariga nisbatan sodir etilayotgan dahshatli qotilliklar mehnat migrantlari xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga chiqardi.
Turkiyada o‘zbek ayollari o‘ldirilmoqda. Istanbulda ikki o‘zbek ayolining burdalanishi, Aydinda boshidan o‘q yeb vafot etgan o‘zbek ayoli bilan bog‘liq fojiali voqealar nafaqat jamoatchilikda katta g‘azab va qo‘rquv uyg‘otdi, balki Turkiyada ishlab kelayotgan mehnat migrantlari, ayniqsa o‘rta yoshdagi ayollarimiz xavfsizligi va huquqiy himoya masalasini yana bir bor dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Istanbuldagi ikki o‘zbekistonlik ayol qotilligi
Istanbulda ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi — Durdona Hokimova va Sayyora Ergashaliyeva o‘z hamyurtlari tomonidan shafqatsiz tarzda o‘ldirilgani keng jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘lgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumondorlar — O‘zbekiston fuqarolari Dilshod Turdimurodov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev jinoyatdan so‘ng chet elga qochmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olinib, qamoqqa olingan.
Tergov davomida dahshatli jinoyat qanday ketma-ketlikda amalga oshirilgani oydinlashdi. 23-yanvar kuni gumondorlar Umraniya tumanidagi kvartirada Sayyora Ergashaliyevaga pichoq bilan hujum qilgan, so‘ng jasadni bo‘laklarga ajratib, Fotih tumanidagi chiqindi qutilariga tashlagan. Oradan bir kun o‘tib, marhumaning telefoni orqali uning dugonasi Durdona Hokimovaga xabar yuborilib, u ham uchrashuvga chaqirilgan va xuddi shu usulda o‘ldirilgan. Hokimovaning jasadi Shishli tumanidagi chiqindi konteynerlaridan topilgan.
Sud jarayoniga qadar gumondorlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ularning aybni tan olgani va hujjatlar sudga taqdim etilgani ma’lum qilingan.
Durdona Hokimovaning turmush o‘rtog‘i Erxon Dursun turk matbuotiga bergan intervyusida gumondorlardan biri Durdona bilan «shar’iy nikoh»da yoki «ishqiy munosabat bo‘lganman» degan da’volarni rad etdi. Uning aytishicha, marhuma uchrashuvga qisqa muddatga chiqqan va farzandi bilan birga borgan. Oila a’zolari gumondorlarga eng og‘ir jazo tayinlanishini talab qilmoqda.
Marhumaning akasi Eldor Jo‘rayev ham oila og‘ir ruhiy zarba olganini bildirib, adolatli va qat’iy hukm chiqarilishiga umid qilayotganini aytdi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi mazkur holatni nazoratga olganini, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda ishlayotganini ma’lum qildi. Tergov harakatlari hali ham davom etmoqda.
Aydindagi qotillik
2025 yil 5-iyul kuni Aydin viloyatidagi kazinoda ofitsiant bo‘lib ishlagan 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Muattar Aliyeva boshidan o‘q yegan holda topilgan va shifoxonada vafot etgan. Hodisa joyiga politsiya va tez tibbiy yordam yetib kelgan, biroq uni qutqarish imkoni bo‘lmagan.
Tergov davomida kazino egasi Rashid Yasan qo‘lga olingan. Prokuratura unga «qasddan odam o‘ldirish» moddasi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi so‘ragan. Shu bilan birga, yana uch nafar shaxs dalillarni yashirish yoki yo‘q qilishda ayblanib, ularga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi so‘ralgan.
Rashid Yasan hodisani M. Aliyevaning o‘z joniga qasd qilgani sifatida bayon qilgan bo‘lsa-da, prokuratura bu bayonotlarni javobgarlikdan qochish uchun berilgan deb baholadi. Hodisa yuz bergan xonada kamera bo‘lmagan, shuningdek ba’zi gumondorlar qurol yoki yozuvlarni yashirganlikda ayblangan.
Ushbu voqea Turkiyada mehnat faoliyati bilan bo‘lgan migrant ayollar xavfsizligi masalasini yana bir bor muhokamalarga olib chiqqan edi.
Zulayhoning o‘limi
Yana bir fojeali holat 2025 yil sentabr oyida Turkiyaning o‘zbekistonliklar eng ko‘p yashaydigan yirik shaharlaridan biri — Istanbulning Fotih tumanida sodir bo‘lgan edi.
36 yoshli Zulayho ismli O‘zbekiston fuqarosi yashab turgan xonadonida bo‘g‘ziga pichoq bilan yetkazilgan jarohat oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Ayol bilan bir necha kun davomida aloqa o‘rnatib bo‘lmagach, uning dugonasi va uy egasi xavotir olib, yashash manziliga borgan. Ular Oqsaroy mahallasidagi ijara uyida ayolni qon ichida yotgan holda topgan.
Shundan so‘ng zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan. Voqea joyiga yetib kelgan tergovchilar va tibbiyot xodimlari ayol allaqachon vafot etganini tasdiqlagan.
O‘zbekiston Bosh konsulligi ma’lumotiga ko‘ra, marhumaning shaxsiga oid ayrim tafsilotlar aniqlangan. U avval Turkiyada bo‘lish qoidalarini buzganligi sabab deportatsiya qilingan va mamlakatga kirish taqiqi qo‘yilgan. Keyinchalik esa ism-familiyasini o‘zgartirib, yana Turkiyaga kirgani ma’lum bo‘lgan. Biroq uning qotili haligacha topilmagan.
Xususan, 2025 yil 17-avgustda o‘zbekistonlik ayol o‘z eri tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgan. Voqea Ihlamurkuyu mahallasi Aytashi ko‘chasida yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, er xotinini rashk qilib, u bilan janjallashgan. Tortishuv vaqtida er ayolni vahshiylarcha so‘yib tashlagan. Ayol olgan tan-jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. O‘z juftini o‘ldirgach, erkak voqea joyidan qochib ketgan. Istanbul politsiyasi tomonidan olib borilgan izlash ishlari davomida u 18-avgust kuni ertalab Umraniyada qo‘lga olingan. Tergov jarayonlarida erkak jinoyatni sodir etganini tan olgan.
Xulosa
Bu kabi fojialar chet elga ketish masalasi faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy va milliy xavfsizlik darajasidagi muammoga aylanganini ko‘rsatadi. Mehnat migrantlari mamlakat iqtisodiyotiga milliardlab dollar mablag‘ olib kirayotgan bir paytda, ularning huquqiy himoyasi, xavfsizligi va hayotini asrash masalasi ham birinchi o‘rinda turishi kerak.
Mutaxassislar fikricha, asosiy yechimlardan biri — migrantlar ketishidan oldin majburiy huquqiy va xavfsizlik tayyorlov dasturlarini kuchaytirish, diplomatik vakolatxonalar orqali tezkor yordam mexanizmlarini kengaytirishdir.
Теглар






