Logo

Uy vazifasiga — «besh», imtihonda esa… Sun’iy intellekt ta’lim sifatiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

Joriy oyda yuz millionlab boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘quvchilari uchun yangi o‘quv yili boshlandi. Ammo sun’iy intellektning ta’lim tizimiga kirib kelishi an’anaviy o‘qish jarayonini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Uy vazifasiga — «besh», imtihonda esa… Sun’iy intellekt ta’lim sifatiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? © Ijtimoiy tarmoqlar

Endi o‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham haqli bir savol ustida bosh qotirmoqda: agar sun’iy intellekt chatboti uy vazifasini bir necha soniya ichida bajarib bersa, unda bunday vazifalarning nima keragi bor?

Ayrim davlatlar ta’lim tizimiga sun’iy intellektni joriy etishda ancha ilgarilab ketdi. Masalan, Xitoyda maktab dasturiga yiliga kamida sakkiz soatlik sun’iy intellekt darslari kiritilgan. Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Qatar ham ushbu texnologiyani o‘z o‘quv dasturlariga integratsiya qilishni boshladi.

To‘g‘ri, sun’iy intellekt dasturlari bilim olishni tezlashtirib, jarayonni osonlashtirishi mumkin. Ammo texnologiyadan foydalanish to‘xtatilganda nima yuz beradi? Vazifa bajarilgach, bilimlarning qanchasi o‘quvchining xotirasida saqlanib qoladi-yu, qanchasi mashinaning bazasida qolib ketadi?

Tez bajarilgan uy vazifalari va pasaygan imtihon natijalari

Mazkur holatni o‘rganish maqsadida Stokgolm universitetidan Devid Stromberg hamda Gonkong universiteti tadqiqotchilari Viktor Ley va Yanhuey U o‘z yo‘nalishidagi eng yirik ilmiy izlanishlardan birini olib bordi. Ular Xitoyda 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qariyb 27 ming nafar o‘quvchini 30 oy davomida kuzatishdi.

Olimlar to‘qqizta fan bo‘yicha berilgan uy vazifalari, kitobdan foydalanish taqiqlangan sinovlar hamda o‘ta muhim kirish imtihonlari natijalarini umumlashtirib o‘rgandi. Yakuniy xulosalar esa maktab topshirig‘ini shunchaki bajarib qo‘yish bilan undan real bilim olish o‘rtasida juda katta tafovut borligini ko‘rsatdi.

Tadqiqotga ko‘ra, generativ sun’iy intellektdan foydalanish boshlangach, o‘quvchilarning uy vazifalari bo‘yicha baholari 18 foizga oshgan. Har bir topshiriq uchun sarflanadigan vaqt esa o‘rtacha 64 daqiqadan 45 daqiqagacha, ya’ni qariyb 30 foizga qisqargan. Biroq xuddi shu o‘quvchilar oylik imtihonlarni sun’iy intellekt yordamisiz topshirganda, ularning natijalari bor-yo‘g‘i olti oy ichida 20 foizga pasayib ketgan.

Shuningdek, o‘quvchilarning hal qiluvchi kirish imtihonlaridagi ko‘rsatkichlari ham pasaygan va buning salbiy oqibatlari uzoqroq muddatda yaqqol namoyon bo‘lgan. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan yanvar oyida e’lon qilingan «Digital Education Outlook 2026» hisobotida ham xuddi shunday xulosalar keltirilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, agar generativ sun’iy intellekt maxsus ta’lim maqsadlarida yaratilmagan bo‘lsa yoki undan tizimsiz foydalanilsa, vazifalarni shunchaki dasturga yuklab qo‘yish baholarni yaxshilashi mumkin, ammo haqiqiy bilim orttirishga hech qanday naf keltirmaydi. Olim Dragan Gashevich hammuallifligida o‘tkazilgan tadqiqotda insonning samarali fikrlash qobiliyatidagi bunday zaiflashuv «metakognitiv dangasalik» deb baholangan.

O‘quvchilar maktabda sun’iy intellektdan qanday foydalanmoqda?

O‘quvchilarning ushbu texnologiyadan umuman foydalanish yoki foydalanmasligidan ko‘ra, uni aynan qanday maqsadlarda ishlatishi muhimroq ekani ma’lum bo‘ldi.

«Vodafone Foundation» fondi buyurtmasiga asosan «Ipsos» kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada Yevropaning 7 davlatidan 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 7 ming nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ulardan maktabdan tashqarida va o‘qituvchining ko‘rsatmasisiz, mustaqil ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan qanday foydalanishi so‘raldi.

Ma’lum bo‘lishicha, eng ko‘p tarqalgan usul — ma’lumot izlash bo‘lib, so‘rovnomada qatnashganlarning 56 foizi buni tasdiqlagan. Ishtirokchilarning 45 foizi esa sun’iy intellektdan turli atama va tushunchalarning izohini topish uchun foydalangan. Biroq 31 foiz o‘quvchi ushbu texnologiyadan berilgan topshiriqlarning tayyor va to‘liq yechimini olish maqsadida foydalanganini yashirmagan.

Sun’iy intellektdan mustaqil ta’limni bevosita qo‘llab-quvvatlovchi vosita sifatida foydalanadigan o‘quvchilar soni esa nisbatan kam. O‘quvchilarning 29 foizi o‘z o‘quv jarayonini yo‘naltirishda interfaol yoki moslashuvchan kontentdan foydalangan bo‘lsa, atigi 20 foizigina undan shaxsiy o‘quv rejasini tuzish va o‘zlashtirish darajasini kuzatib borish uchun foydalanganini bildirgan.

Sun’iy intellektning o‘quvchi va talabalar hayotiga ta’siri

O‘quvchilar uchun sun’iy intellekt shunchaki maktab topshiriqlarini bajarish vositasi bo‘lib qolmayapti. U tezkor ko‘mak olishdan tortib, hatto virtual suhbatdosh topishgacha bo‘lgan keng qamrovli talabalik hayotining ajralmas bir qismiga aylanib bormoqda.

Buyuk Britaniyada 1054 nafar kunduzgi bo‘lim talabalari ishtirokida o‘tkazilgan «HEPI/Kortext — 2026» so‘rovnomasi natijalari shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning 49 foizi generativ sun’iy intellekt ularning talabalik tajribasini yanada yaxshilagan, deb hisoblaydi. Ular bunga asosiy sabab sifatida vaqtni tejash, fanlarni chuqurroq tushunish hamda tezkor va shaxsiylashtirilgan yordam olish imkoniyatini ko‘rsatib o‘tgan.

Ushbu texnologiyaning ta’siri faqat o‘quv jarayoni bilangina cheklanib qolmaydi. Mazkur so‘rovnomada ilk bor talabalarning yolg‘izlik hissiga oid savol ham berildi. Talabalarning ko‘pchiligi (59 foizi) sun’iy intellekt bu borada hech qanday o‘zgarish yaratmaganini ta’kidlagan. Qolgan ishtirokchilar o‘rtasida esa ko‘rsatkichlar deyarli teng taqsimlangan: ularning 21 foizi texnologiya tufayli o‘zini kamroq yolg‘iz his qila boshlaganini bildirgan bo‘lsa, 20 foizida esa aksincha, yolg‘izlik hissi yanada kuchaygan.

Россия - Украина уруши

Sun’iy intellekt

AI texnologiyalarining o‘sishi va xavflari.

Теглар

Мавзуга оид