UzAuto Motors foydasi 2026-yilda pasaymoqda

Бугун 18:392 дақиқа

Yilning dastlabki choragida UzAuto Motors o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga kamroq foyda oldi. Kompaniyaning bozordagi ulushi ham kamayib bormoqda.

UzAuto Motors foydasi 2026-yilda pasaymoqda

O‘zbekistondagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi UzAuto Motors 2026-yil I chorak uchun moliyaviy hisobotini e’lon qildi

Hisobotda qayd etilishicha, kompaniya sof foydasi uch oy ichida 648,3 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu 2025-yilning mos davridagi foyda — 771,9 mlrd so‘mdan 16 foizga kamroq. 

Shunga qaramay, avtokonsern daromadlari 12,2 foizga oshib, 10,88 trln so‘mga yetdi. 2025-yil I choragida daromad 9,7 mlrd so‘m edi. 

Sotish va foizli xarajatlar keskin oshishi foydaning kamayishiga sabab bo‘ldi. Sotish xarajatlari 349,4 mlrd so‘mdan 1 trln so‘mgacha 3 barobar oshgan. Bu UzAuto Motors marketing uchun ko‘proq pul sarflayotganini bildiradi. 

Solishtirilayotgan davrda kompaniya aktivlari 32,2 trln so‘mdan 34 trln so‘mga o‘sdi. Uch oy ichida avtomobil ishlab chiqaruvchisi aktivlari 1,8 trln so‘mga ko‘paygan. Ustav kapitali esa 3,2 trln so‘m ko‘rinishida saqlanib qolgan. 

Kompaniya hisobot davrida 157,3 mlrd so‘mlik foyda solig‘i ham to‘lagan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 8,3 foizga yoki 12,5 mlrd so‘mga ko‘proq.

Bozordagi ulush ham kamaymoqda

I chorakda UzAuto Motors O‘zbekistonda 45 881 dona avtomobil sotishga muvaffaq bo‘ldi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan qariyb 5 mingtaga ko‘p.

1

Biroq, kompaniyaning mamlakat avtomobil bozoridagi ulushi 54,3 foizdan 50,4 foizgacha pasaygan. Avtokonsern ko‘proq avtomobil sotayotgan bo‘lsada, boshqa ishlab chiqaruvchilarda o‘sish bundan yuqoriroq bo‘lmoqda. 

Brendlar bo‘yicha solishtirilsa, KIA, BYD va Haval kabi avtomobil brendlari o‘zbekistonliklar orasida tezroq ommalashmoqda. 

Shuningdek, nafaqat UzAuto Motors, balki O‘zbekistondagi eng ommabop model — Cobalt sotuvi 2025 yilga nisbatan keskin tushib ketgan — 29 mingtadan 24 mingtaga. 

Kompaniya 28-aprel kuni yangi modeldagi Cobalt uchun shartnomalar qabul qilishni ochgandi. 1-may kuni ham uzavtosavdo.uz orqali yangi Cobalt uchun shartnoma tuzish imkoniyati bor. 

Avvalgi yillarda UzAuto Motors tomonidan Cobalt va Lacetti kabi ommabop brendlar uchun shartnoma ochilsa, bu odatda o‘sha kunning o‘zidayoq tugab ketardi. 

Теглар

Мавзуга оид