Logo

Xorazm, Samarqand va Farg‘onada uy-joy narxlari qanchaligi o‘rganildi

Бугун 18:332 дақиқа

Eng yuqori narx Samarqandda, eng arzoni vodiyda. Ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning 1 kv.metr uchun eng yuqori o‘rtacha narxi 11,8 mln so‘m bo‘ldi.

Xorazm, Samarqand va Farg‘onada uy-joy narxlari qanchaligi o‘rganildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Joriy yilning avgust oyi davomida Farg‘ona viloyatining 3 ta, Samarqand viloyatining 2 ta va Xorazm viloyatining 2 ta hududi bo‘yicha elektron savdo platformalaridagi ko‘chmas mulk obektlarining bozor narxlarini o‘rganish ishlari yakunlandi. Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand shahrida ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning 1 kv.metr uchun eng yuqori o‘rtacha narxi 11,8 mln so‘m bo‘ldi. Qo‘qonda u 7 mln so‘m, Urganchda 6,9 mln so‘m va Kattaqo‘rg‘onda 6,3 mln so‘mni tashkil etdi.

photo_2026-09-06_18-34-50


Samarqand shahri yakka tartibdagi turarjoylar bo‘yicha ham eng yuqori ko‘rsatkichni ko‘rsatdi. U yerda 1 sotixi uchun 472,1 mln so‘m. Xorazm viloyati markazida bu ko‘rsatkich 318,5 mln, Xivada 260,3 mln, Qo‘qonda esa 198,6 mln so‘mni tashkil qiladi.

Noturar obyektlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha narx ham Samarqand shahrida — 12,9 mln so‘m (1 kv.m uchun). Urganchda 7,7 mln, Kattaqo‘rg‘on va Qo‘qonda 7 mln so‘m etib ko‘rsatilgan.

Bundan oldin Toshkentda 600 mingdan ortiq kvartira va 213 mingta hovli-joy ommaviy baholangandi. Poytaxtda amaldagi kadastr qiymati va ommaviy baholash doirasida aniqlangan qiymat o‘rtasidagi farq kvartiralar uchun deyarli 7,4 baravarni, xususiy uylar uchun esa deyarli 15 baravarni tashkil etdi. Toshkentdagi 600 mingdan ortiq xonadonning amaldagi kadastr qiymati 57,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida qiymat 426,7 trln so‘m etib belgilangan. 213 mingdan ortiq hovlilar uchun joriy kadastr qiymati 39,1 trln so‘mni tashkil etadi, ommaviy baholashdan so‘ng ularning qiymati 587 trln so‘mga yetdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PQ-73-son qaroriga muvofiq, 14 ta yirik aglomeratsiya bo‘yicha ko‘chmas mulk bozorini tahlil qilish va obektlarning bozor qiymatlarini muntazam aniqlash belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adliya vazirligi eskrou tizimi uy-joy narxini oshirishi mumkinligini ta’kidlagandi.

Теглар

Мавзуга оид