Xorijiy dori brendlaridan foydalanish solig‘i kamaytiriladi
O‘zbekistonda mashhur xorijiy dorilarni mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish uchun brenddan foydalanishga qo‘llanadigan soliq 20 foizdan 5 foizga kamaytiriladi.

O‘zbekistonga olib kelinayotgan dori vositalarining qariyb yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchi hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois mamlakatda ushbu kompaniyalarning ishlab chiqarishini mahalliylashtirish va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish masalasi dolzarb vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Bu haqda Prezident raisligida farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va texnologiyalar transferini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Import ulushining yuqoriligi ichki bozorda mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish zaruratini yanada kuchaytiradi. Shuning uchun xorijiy kompaniyalarning texnologiya va tajribasini jalb etgan holda dori vositalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.
Bu borada ayrim loyihalar allaqachon amalga oshirilmoqda. Jumladan, Turkiyaning «World Medicine» kompaniyasi Toshkent farmatsevtika parki hududida antibiotik, virusga qarshi hamda yurak-qon tomir kasalliklariga qarshi preparatlar ishlab chiqarish bo‘yicha 30 million dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda.
Prezident dori import qiluvchi kompaniyalarga yangi topshiriq berdi
Shu bilan birga, hozirgi vaqtda mamlakatga import qilinayotgan dori vositalarining yarmi uchta yirik korxona tomonidan olib kirilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu kompaniyalar 40 dan ortiq yirik xorijiy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega.
Prezident mazkur korxonalarni ijtimoiy mas’uliyatni zimmasiga olib, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda brendli dori vositalarini mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Bu orqali import hajmini kamaytirish va ichki farmatsevtika sanoatini mustahkamlash maqsad qilingan.
Bunday tashabbuslarni rag‘batlantirish uchun qator soliq yengilliklari ham joriy etiladi. Xususan, xorijiy brend nomidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan royalti to‘lovlariga qo‘llanadigan soliq stavkasi 20 foizdan 5 foizga tushirilishi belgilandi. Bu esa mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirishga qo‘shimcha turtki berishi kutilmoqda.





