Logo

«Yangi Toshkent» aeroporti hududida 7 ta qabriston ko‘chiriladi

Yangi Toshkent aeroporti qurilishi uchun Quyi va O‘rta Chirchiqdagi 7 ta qabriston ko‘chiriladi, qabrlar belgilangan tartibda qayta dafn etiladi.

«Yangi Toshkent» aeroporti hududida 7 ta qabriston ko‘chiriladi © Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati hokimi 15-sentabr kuni «Yangi Toshkent xalqaro aeroporti» qurilishi hududida joylashgan ayrim qabristonlarni ko‘chirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda hokimlik qarorida ma’lum qilingan.

Qarorga ko‘ra, aeroport qurilishi hududiga 7 ta faoliyati to‘xtatilgan qabriston tushgan.

Xususan, Quyi Chirchiq tumanida:
«Sergeli bolalar» qabristoni;
«Koreys» qabristoni;
O‘rta Chirchiq tumanida esa:
«Suvon bag‘ish» musulmon qabristoni;
«Qudoyqul» musulmon qabristoni;
«Qudoyqul» koreys qabristoni;
«Sariktepa» koreys qabristoni;
«Boris» rus xristian qabristoni ko‘chiriladi.

Qabrlar qayerga ko‘chiriladi?

Qarorda qabristonlarni ko‘chirishning aniq manzillari ham ko‘rsatilgan.

Quyi Chirchiqdagi «Sergeli bolalar» qabristonidan eksgumatsiya qilingan qabrlar «Surum» MFYdagi «Shardara» qabristoniga, «Koreys» qabristonidan olingan qabrlar esa «Sergeli» MFYdagi rus-koreys qabristoniga ko‘chiriladi.

O‘rta Chirchiqdagi «Suvon bag‘ish» va «Qudoyqul» musulmon qabristonlaridan eksgumatsiya qilingan qabrlar «Zaynab ona» qabristoniga qayta dafn etiladi.

«Qudoyqul», «Sariktepa» koreys va «Boris» rus xristian qabristonlaridan eksgumatsiya qilingan qabrlar esa «Taraqqiyot» MFYdagi koreys qabristoniga ko‘chiriladi.

Qayta dafn qanday amalga oshiriladi?

Hokimlik qarorida qabristonlarda dafn ishlari uzoq yillar avval to‘xtatilgani qayd etilgan.

Qabrlar ochilganda aniqlangan suyak qoldiqlari ehtiyotkorlik va hurmat bilan yig‘ilib, belgilangan tartibda boshqa qabristonlarga qayta dafn etiladi. Ko‘chirish ishlari sanitariya-epidemiologiya, ekologik, arxitektura, diniy va jamoatchilik talablariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi belgilangan.

Quyi va O‘rta Chirchiq tumanlari hokimliklariga aholi hamda marhumlarning qarindosh-urug‘lari bilan tushuntirish ishlarini tashkil etish, qayta dafn qilishni diniy urf-odatlarga muvofiq o‘tkazish va bu jarayon bo‘yicha dalolatnomalarni rasmiylashtirish vazifasi yuklatilgan.

Qabristonlarni ko‘chirish, qayta dafn qilish, hududlarni tayyorlash va obodonlashtirish xarajatlari qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Shu bilan birga, ushbu xarajatlarni «Yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish» loyihasi doirasida xususiy sherik qoplashi belgilangan.

Qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari hamda ikki nafar o‘rinbosariga yuklatilgan.

Теглар

Мавзуга оид