Yangi Toshkent aeroporti qurilishiga tayyorgarlik boshlandi

Бугун 20:552 дақиқа

Prezidentga ma’lum qilinishicha, hozirda hududdagi kanal, kollektor va elektr tarmoqlarini ko‘chirish boshlangan, loyiha va pudrat tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Yangi Toshkent aeroporti qurilishiga tayyorgarlik boshlandi

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasi hududida muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlari boshlandi, Navoiy aeroportida esa «porto-franko» erkin zonasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot qilingan vaqtda ma’lum qilindi.

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasi doirasida xalqaro moliya institutlari talablari asosida ekologik va ijtimoiy ta’sirni baholash ishlari o‘tkazilgan. Hozirda hududdagi kanal, kollektor va elektr tarmoqlarini ko‘chirish boshlangan bo‘lib, loyiha va pudrat tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Mazkur aeroport yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi, 169 ta havo kemasi turargohi va har biri 4 kilometrdan bo‘lgan 2 ta uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega bo‘lishi belgilangan.

Hududiy aeroportlar va aviayoqilg‘i ta’minoti

Navoiy xalqaro aeroportining tijorat mustaqilligi oshirilib, unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan mustaqil shartnomalar tuzish huquqi berildi. Aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan «porto-franko» erkin zonasi tashkil etiladi.

2030 yilga borib bu yerda parvozlar soni 2,3 barobarga oshirilib, yiliga 7 mingtaga, yo‘lovchi tashish 150 ming nafarga, yuk tashish esa 45 ming tonnaga yetkaziladi. Umumiy hisobda hududlardagi 7 ta xalqaro aeroport rekonstruksiya qilinmoqda. Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo va So‘x tumanlarida yangi aeroportlar barpo etilib, ularning soni 18 taga yetkazildi.

Aeroportlardagi yoqilg‘i quyish majmualarining umumiy sig‘imi hozirgi 49 ming tonnadan 2030 yilga qadar 80 ming tonnaga yetkaziladi, mahalliy aviayoqilg‘i ishlab chiqarish hajmi esa yiliga 600 ming tonnani tashkil etadi. Buning uchun Navoiy, Andijon, Buxoro, Urganch va Yangi Toshkent xalqaro aeroportlarida yangi saqlash quvvatlari barpo etiladi. Yoqilg‘ini saqlash va quyish jarayonlari xalqaro standartlarga bosqichma-bosqich o‘tkazilib, joriy yilda bu jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi hamda tizimli davlat nazorati o‘rnatiladi. Transport loyihalarida iqtisodiy samaradorlik, qurilish sifati, xavfsizlik va qulaylik asosiy mezon bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Теглар

Мавзуга оид