Yangi Toshkent loyihasida «boylar shaharchasi» qurish ko‘zda tutilmagan — direksiya
Loyihadagi kottejlar xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillari uchun mo‘ljallangani ma’lum qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda narxi 2–3 mln dollarlik villalardan iborat alohida hudud barpo etilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Yangi Toshkentni barpo etish direksiyasi loyiha doirasida «boylar shaharchasi» qurilishi rejalashtirilmaganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, birinchi bosqich maketida ko‘zda tutilgan kottejlar xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari uchun xizmat turar joyi sifatida mo‘ljallangan. Direksiya mazkur obyektlar xususiy «lyuks» hudud emasligini ta’kidladi.
Qurilishning birinchi bosqichi
Hozirda Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. U 6 ming gektar maydonni qamrab oladi va 2033 yilga qadar 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Loyiha yakunida esa shahar 2 million aholiga mo‘ljallangan megapolisga aylanishi kutilmoqda.
2025 yil holatiga ko‘ra, yangi shaharda 100 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Ish maydoni 3 million kvadrat metrga yetgan, qator turar joy majmualari esa yakuniy bosqichga kirgan.
Shuningdek, auksion orqali sotilgan 24 ta tijorat loti bo‘yicha 2 milliard dollarlik investitsiya shartnomalari imzolangan. Ushbu mablag‘lar hisobiga mehmonxonalar, restoranlar, servis obyektlari va zamonaviy arxitekturaga ega binolar qurilishi rejalashtirilgan.
Direksiya yolg‘on axborot tarqatish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi.





