Yangi Toshkent va 27 mlrd dollarlik loyihalar investorlarga taqdim qilindi
Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident 2 million aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent megapolisi qurilayotganini, shuningdek, Andijon, Namangan va Samarqandni ham millionli shaharlarga aylantirish bo‘yicha loyihalar boshlanganini ma’lum qildi.
© prezident.uzBeshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda transport-logistika, shaharsozlik, turizm va agrosanoat sohalarida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo so‘nggi yillarda tashqi bozorlarga tobora ochilayotgan va o‘zaro bog‘liqlik kuchayib borayotgan hududga aylanmoqda. Shu munosabat bilan mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li, Transafg‘on transport koridori hamda Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi «O‘rta koridor» loyihalari strategik ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Yangi aeroport va «quruq portlar» quriladi
Forumda ma’lum qilinishicha, saudiyalik hamkorlar ishtirokida yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilmoqda. Loyiha yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, investorlarga tezyurar avtomobil yo‘llari, ko‘p funksiyali logistika markazlari va zamonaviy «quruq portlar» qurilishida ishtirok etish taklif qilindi.
Yangi Toshkent 2 million aholiga mo‘ljallangan
Prezident hududlarni kompleks rivojlantirish rejalari haqida ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, poytaxt atrofida 2 million aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent megapolisi barpo etilmoqda.
Bundan tashqari, Andijon, Namangan va Samarqand shaharlarini millionli shaharlarga aylantirish bo‘yicha yirik dasturlar boshlangan.
Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, mamlakatda uy-joy qurilishi bozorining yillik hajmi kamida 10 milliard dollarni tashkil etadi.
27 mlrd dollarlik sheriklik loyihalari
Infratuzilma sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligi asosida umumiy qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev turizm va agrosanoat sohalarida ham katta salohiyat mavjudligini ta’kidlab, mahalliy va xorijiy investorlarni mamlakat hududlaridagi yangi loyihalarda ishtirok etishga chaqirdi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi
16-18-iyun kunlari Toshkentda xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forumga oid barcha xabarlar bir havolada.





