Yangi xizmat: O‘zbekistonda banklar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoni paydo bo‘ldi

Бугун 19:583 дақиқа

O‘zbekistonda «A2A» pul o‘tkazmalari xizmati ishga tushirildi. Endi bank hisoblaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul yuborish mumkin.

Yangi xizmat: O‘zbekistonda banklar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoni paydo bo‘ldi

O‘zbekistonda banklar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlovchi «Account-to-Account» (A2A) formatidagi xizmat ishga tushirildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

«A2A» jismoniy shaxslar o‘rtasida bir bank hisobidan boshqa bank hisobiga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazish imkonini beruvchi yana bir xizmat turidir. Ushbu xizmat Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi tomonidan yaratilgan texnik infratuzilma asosida amalga oshirilgan.

U «P2P» (Peer-to-Peer)dan farq qiladi. «P2P»o‘tkazmalarda pul karta raqami orqali yuboriladi. «Account-to-Account»da esa mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri bank hisobvaraqlari o‘rtasida amalga oshiriladi.

Asosiysi – bu boshqa karta emas va alohida yangi karta ochish talab etilmaydi. Bu – mavjud bank ilovangizda tanlanadigan o‘tkazma usuli bo‘lib, pul o‘tkazishda xizmat turini tanlash orqali amalga oshiriladi.

Har bir fuqaro karta rasmiylashtirganda, karta bankdagi aynan shu hisobraqami asosida ochiladi.

Bugungi kunda ushbu xizmat turi barcha banklarga texnik jihatdan taqdim etilgan.

Qayd etilishicha, amaldagi barcha o‘tkazma xizmatlari saqlanib qoladi. Ushbu xizmat esa qo‘shimcha imkoniyat bo‘lib, fuqarolarga pul o‘tkazishda tanlov imkoniyatini kengaytiradi.

«A2A» xizmatining komissiyasi

Bildirilishicha, komissiyalar banklar tomonidan o‘zlarining ichki tarif siyosatiga muvofiq, mustaqil ravishda belgilanadi. Komissiya miqdori tanlangan bank va xizmat turiga qarab farq qilishi mumkin. Markaziy bank bozor iqtisodiyoti sharoitida regulyator sifatida komissiyalarni belgilash jarayoniga aralashmaydi.

Shuningdek, MB Axborotlashtirish bosh markazi ham to‘lov xizmatlarini ko‘rsatmagani va mijozlar bilan ishlamagani sababli, komissiyalarni belgilashda ishtirok etmaydi. Shu munosabat bilan fuqarolarga banklar tomonidan taqdim etilgan tariflar va komissiyalar bilan oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi. Turli banklar shartlarini solishtirish – eng maqbul moliyaviy xizmatlarni tanlash va muqobil variantlarni baholash imkonini beradi.

1 - apreldan ayrim to‘lovlar naqdsiz bo‘ladi

Ma’lumki, 2026-yilning 1 - aprelidan ayrim to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Bunga quyidagilar kiradi:

davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;

elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi uchun to‘lovlar;

alkogol va tamaki mahsulotlari;

yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektromobillarni zaryadlash xizmatlari;

qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;

ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

Biroq markaziy bank bu o‘zgarishlar fonida tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga o‘zidan o‘ziga (M2M) o‘tkazmalarda komissiyalarni kamaytirish yoki nollashtirish bo‘yicha topshiriq berish vakolatiga ega emas. Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayevning VAQT.UZ ga bildirishicha, regulyator banklarga «komissiyani oshir, tushir yoki nol qil» deb ko‘rsatma bera olmaydi. Shu bilan birga, u «account-to-account», ya’ni hisob raqamdan hisob raqamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalar uchun texnik imkoniyatlar allaqachon yaratilganini ma’lum qildi. Endilikda bu tizimdan foydalanish banklarning o‘ziga bog‘liq ekani qayd etildi.

«Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimida jismoniy shaxslarga ularning bank hisobvaraqlari orqali real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgani haqida bugun rasman xabar beriladi», — dedi Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari 27-mart kuni matbuot anjumanida.

Теглар

Мавзуга оид