Yaqin Sharqdan 15 mingga yaqin o‘zbekistonlik Vatanga qaytarildi
Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar sabab minglab O‘zbekiston fuqarolari maxsus reyslar orqali mamlakatga qaytarildi.

28-fevraldan 7-mart soat 10:00 holatiga qadar Yaqin Sharq mamlakatlaridan qariyb 15 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Madina va Jidda aeroportlaridan jami 63 ta parvoz amalga oshirilib, ular orqali 13 543 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan. Shuningdek, Dubay aeroportidan bajarilgan 9 ta reys orqali yana 1401 nafar yurtdosh mamlakatga qaytgan.
Ayni paytda Yaqin Sharq mintaqasidagi harbiy harakatlar tufayli Bahrayn, Quvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar va Isroil davlatlarining havo hududi parvozlar uchun yopiqligicha qolmoqda. Bu esa mintaqadagi aviaqatnovlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ayrim reyslar xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirildi. Xususan, Fly Nas aviakompaniyasi Jidda — Toshkent va Jidda — Namangan yo‘nalishlari bo‘yicha 5 ta reysni bajargan. Fly Dubai aviakompaniyasi esa Dubay — Toshkent yo‘nalishida 3 ta parvozni amalga oshirdi. Ushbu reyslar orqali jami 1365 nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, ularning 990 nafari O‘zbekiston fuqarolarini tashkil etgan.
Fuqarolarga tezkor yordam ko‘rsatish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligida sutka davomida ishlaydigan shtab va koll-markazlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi ham 24/7 rejimida ishlaydigan aloqa markazi orqali murojaatlarni qabul qilmoqda.
Hozirda Qatar hududida qolgan fuqarolarni Saudiya Arabistonining Er-Riyoz aeroporti orqali olib chiqish bo‘yicha tashkiliy ishlar davom etmoqda. Qayd etilishicha, Yaqin Sharqdan qaytarilgan fuqarolarning taxminan 95 foizi mazkur mamlakatlarga turpaketlar asosida borgan.





