Yaqin Sharqdan O‘zbekistonga qaytarilganlar soni 19 ming kishidan oshdi

08.03.2026 | 12:523 дақиқа

Kecha Saudiya Arabistonidan 1 680 nafar, Birlashgan Arab Amirliklaridan 394 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan.

Yaqin Sharqdan O‘zbekistonga qaytarilganlar soni 19 ming kishidan oshdi

8-mart soat 07:00 holatiga ko‘ra, Yaqin Sharq mintaqasidagi mamlakatlardan O‘zbekistonga jami 19 347 nafar fuqaro qaytarildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, 7-mart kuni Saudiya Arabistonidan 9 ta reys amalga oshirilib, 1 680 nafar, Birlashgan Arab Amirliklaridan 2 ta reys orqali 394 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan.

Shuningdek, 7-mart kuni Erondan 5 nafar fuqaro ham O‘zbekistonga qaytarildi.

Kecha, 7-mart kuni Qatar va Saudiya Arabistonidagi elchixonalar O‘zbekiston Transport vazirligi bilan birgalikda Doha shahrida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining birinchi guruhini (208 nafar) evakuatsiya qilgan.

Fuqarolar «Centrum Air» aviakompaniyasi reysi bilan Ar-Riyod xalqaro aeroportidan uchib, joriy yil 8-mart kuni soat 05:40 da Toshkentga sog‘-salomat yetib kelgan.

Shu bilan birga, Qatardagi diplomatik vakolatxona tomonidan keyingi evakuatsiyani amalga oshirish doirasida fuqarolarning ikkinchi guruhi (126 nafar) shakllantirilgan. Ular diplomatlar hamrohligida elchixona tomonidan ijaraga olingan avtobuslarda (3 ta) Doha shahridan olib chiqilib, «Riyod – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha 8-mart kuni amalga oshiriladigan charter reysi orqali evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston pozitsiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskin ravishda taranglashuvi va keng mintaqada yangi ziddiyatli holat yuzaga kelganidan jiddiy xavotirdaligini bildirdi.

«Barcha tomonlarni vazminlikka da’vat etib, nafaqat harbiy-siyosiy, balki gumanitar jihatdan oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli keskinlashuvga sabab bo‘ladigan keyingi qadamlardan tiyilishga chaqiramiz», – deyiladi TIV bayonotida.

Rasmiy Toshkent vujudga kelgan inqirozni xalqaro huquq normalari asosida, siyosiy-diplomatik vositalar orqali va o‘zaro maqbul muloqot yo‘li bilan hal etish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlagan. O‘zbekiston Respublikasi mintaqaviy barqarorlik hamda xavfsizlikni mustahkamlashning izchil tarafdori ekani va vaziyatning eng tez fursatlarda normallashuvidan umidvor bo‘lib qolishi bildirilgan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qatar, Kuvayt, Ummon, Iordaniya, Bahrayn, BAA, Saudiya Arabistonidagi mavqedoshlari bilan telefon orqali gaplashib, mamlakatlar rahbariyati va xalqiga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birdamligini yetkazdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Yaqin Sharqdagi vaziyatni Ozarbayjon va ispaniyadagi mavqedoshlari bilan ham muhokama qildi.

Shuningdek, u Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiga qo‘ng‘iroq qilib, ta’ziya bildirdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti munosabati bilan Eron Islom Respublikasi prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonga yo‘llagan maktubida hamdardlik bildirdi.

4-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharq monarxiyalari yetakchilari – Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said, Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Kuvayt valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh, Bahrayn podshohi Hamad bin Iso Ol Xalifa, Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali muloqot qildi.

Теглар

Мавзуга оид

Yaqin Sharqdan O‘zbekistonga qaytarilganlar soni 19 ming kishidan oshdi | Vaqt.uz