Yevropa Ittifoqi Rossiya neftidan to‘liq voz kechish rejasini kechiktirmoqda

Бугун 08:252 дақиқа

Yevrokomissiya 15-aprelga belgilangan Rossiya nefti importini to‘liq taqiqlash haqidagi qonun loyihasini taqdim etmaydigan bo‘ldi. Yaqin Sharqdagi urush tufayli yuzaga kelgan energetik inqiroz Brusselni o‘z rejalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.

Yevropa Ittifoqi Rossiya neftidan to‘liq voz kechish rejasini kechiktirmoqda

Yevrokomissiya vakili Anna-Kaysa Itkonenning ma’lum qilishicha, hujjat kun tartibidan chiqarilgan va uni ko‘rib chiqishning yangi sanasi belgilanmagan. «Reuters» nashrining yozishicha, bu qarorga AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti natijasida yuzaga kelgan «joriy geopolitik vaziyat» sabab bo‘lgan. Aslida YI 2027-yil oxirigacha Rossiya neftidan qonuniy darajada to‘liq voz kechishni maqsad qilgan edi. Biroq Yaqin Sharqdagi keskinlik Saudiya Arabistoni va Qatar kabi yirik yetkazib beruvchilarning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, narxlarning keskin ko‘tarilishiga olib keldi.

Yevropa Ittifoqi Rossiya resurslari o‘rnini Fors ko‘rfazi davlatlari hisobiga to‘ldirishni rejalashtirgan edi. Ammo Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘silishi va Qatarning Ras-Laffandagi STG majmuasiga berilgan raketa zarbalari bu rejalarni xavf ostida qoldirdi. Qatardagi zavodni qayta tiklash uchun 3 yildan 5 yilgacha vaqt kerakligi hisob-kitob qilingan. Bu esa Yevropada gaz narxining bir kunda 32 foizga oshib, ming metr kub uchun 873,5 dollarga yetishiga sabab bo‘ldi.

 

Iqtisodiy xatarlar

Yevropa Markaziy banki ta’minotdagi uzilishlar yevrohududda inflatsiyani 6,3 foizgacha ko‘tarishi va qisqa muddatli retsessiyani keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi. «Bloomberg» nashri ushbu vaziyatni Vladimir Putin uchun «ulkan sovg‘a» deb atadi. Chunki jahon bozorida neft narxining oshishi Rossiyaga Ukrainadagi urushni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha daromad keltirmoqda. YI mulozimlari AQSH va Isroilning ushbu inqirozdan chiqish bo‘yicha aniq rejasi borligiga shubha bilan qaramoqda.

Shunday sharoitda Putin fursatdan foydalanib, Yevropaga Rossiya nefti va gazini yana sotib olishni taklif qildi. Biroq YIning energetika bo‘yicha komissari Dan Yorgensen bu taklifni keskin rad etdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya importidan voz kechish YIning prinsipial pozitsiyasi bo‘lib, Yaqin Sharqdagi inqiroz buni o‘zgartira olmaydi.

«Biz uzoq vaqt davomida Rossiyaga qaram bo‘ldik, bu esa Putinga bizni shantaj qilish imkonini berdi. Kelajakda biz Rossiyadan hatto bitta molekula ham import qilmaymiz», — dedi komissar.

 

Statistik ko‘rsatkichlar

Ukrainadagi urush boshlanguniga qadar Rossiya YI gaz importining 40 foizdan ortig‘ini ta’minlagan. 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 13 foizga, Rossiya neftining ulushi esa atigi 1 foizgacha tushgan edi. YI ushbu tarixiy yutuqni saqlab qolishga intilsa-da, hozirgi energetik vakuum cheklovlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashni qiyinlashtirmoqda.

Yevropa yetakchilari hozirda ikki o‘t orasida qolgan: bir tomondan Rossiyaga iqtisodiy bosimni davom ettirish, ikkinchi tomondan esa Yaqin Sharqdagi urush keltirib chiqargan energetik kasoddan omon chiqish. Neft embargosining kechiktirilishi Brusselning vaziyatni nazorat qilish uchun vaqt yutishga urinayotganidan dalolat beradi.

Agar Yaqin Sharqdagi qamal davom etsa, Yevropa yanada qat’iyroq iqtisodiy tejamkorlik choralariga o‘tishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид