Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan davlatlarida iqtisodiy o‘sish pasayadi — Jahon banki

Yaqin Sharqdagi mojaro va neft narxlarining oshishi iqtisodiy faollikka bosim o‘tkazmoqda.

Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan davlatlarida iqtisodiy o‘sish pasayadi — Jahon banki

Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlari joriy yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishiga duch kelishi mumkin. Bu haqda Jahon banki 8-aprel kuni e’lon qilgan hisobotida ma’lum qildi.

Geosiyosiy bosim va energiya narxlari

Qayd etilishicha, mazkur holat asosan Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik va energiya narxlarining o‘sishi bilan bog‘liq.

Xususan, Eron atrofidagi mojaro global neft ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, narxlarning keskin oshishiga olib keldi. Bu esa kompaniyalar xarajatlarini ko‘paytirib, aholi uchun yoqilg‘i narxining qimmatlashishiga sabab bo‘ldi.

Ayni paytda, vaziyatni yumshatish maqsadida Tehron va Vashington o‘rtasida ikki haftalik sulhga kelishilgan.

O‘sish prognozlari pasaytirildi

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada iqtisodiy o‘sish 2025 yildagi 2,6 foizdan 2026 yilda 2,1 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Rossiya hisobga olinmagan holda esa ushbu ko‘rsatkich 2,9 foizni tashkil etishi mumkin.

Mintaqa tarkibiga Markaziy Osiyodagi Qozog‘iston va O‘zbekistondan tortib, Yevropa Ittifoqi a’zolari bo‘lgan Polsha va Ruminiya, Bolqondagi Albaniya va Serbiya, shuningdek, Rossiya, Turkiya va Ukraina kabi yigirmaga yaqin davlat kiradi.

Importchi davlatlar bosim ostida

Hisobotda ta’kidlanishicha, energiya eksport qiluvchilar xomashyo narxi oshishidan vaqtinchalik foyda ko‘rishi mumkin bo‘lsa-da, ushbu mamlakatlarning aksariyati energiya import qiluvchilar hisoblanadi va ular budjet hamda joriy hisoblar bo‘yicha kuchli bosimga duch kelishi ehtimoli yuqori.

Bankning asosiy ssenariysiga ko‘ra, joriy yilda «Brent» markali neftning o‘rtacha narxi bir barrel uchun 88–100 dollar atrofida bo‘lishi, shuningdek, gaz va o‘g‘itlar narxi ham yuqoriligicha qolishi kutilmoqda.

Rossiya va Ukraina iqtisodiyoti

Hisobotda Rossiya iqtisodiyoti o‘sishi 2025 yildagi 1,0 foizdan 0,8 foizgacha pasayishi qayd etilgan. Bu, asosan, 2022 yildagi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan joriy etilgan sanksiyalar bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, Ukraina iqtisodiyoti o‘sishi ham sekinlashishi kutilmoqda. Urush uzoq davom etayotgani sababli, 2025 yildagi 1,8 foizlik o‘sish 2026 yilda 1,2 foizga tushishi prognoz qilingan.

Теглар

Мавзуга оид