Yevropada aviachiptalar narxi yonilg‘i shoki tufayli keskin oshdi

Бугун 11:252 дақиқа

Yaqin Sharqdagi urush sababli aviakerosin tonnasi 1800 dollarga chiqdi. Yevropa va Osiyo aviakompaniyalari reyslarni qisqartirmoqda va chiptalarni qimmatlashtirmoqda.

Yevropada aviachiptalar narxi yonilg‘i shoki tufayli keskin oshdi

Yevropa aviakompaniyalari aviatsiya yonilg‘isi narxi keskin ko‘tarilgani sababli chiptalar narxini oshirishni boshladilar. «Politico» nashrining xabar berishicha, bu holat Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va energiya resurslari yetkazib berishdagi xavflar bilan bog‘liq. Hozir Yevropada aviakerosin narxi bir tonnasi uchun 1700-1800 dollarga yaqinlashdi, bu Eron atrofidagi harbiy harakatlar boshlangunga qadar bo‘lgan darajadan ikki barobar ko‘pdir.

«Lufthansa» rahbari Karsten Shporning ta’kidlashicha, soha bunday ulkan xarajatlarni mustaqil ravishda qoplay olmaydi. Aviakompaniyaning bir yo‘lovchidan oladigan o‘rtacha foydasi qariyb 10 yevroni tashkil etgani sababli, yonilg‘i uchun qo‘shimcha xarajatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri chipta narxiga ta’sir qilmoqda. Natijada, Skandinaviyaning «SAS» aviakompaniyasi allaqachon mingga yaqin reyslarini bekor qilganini e’lon qildi. Butun dunyo bo‘ylab aviayonilg‘i ta’minotining 40 foizi aynan bloklangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Osiyo mamlakatlarida ham ahvol jiddiy: Janubiy Koreya, Filippin va Viyetnam aviatashuvchilari yonilg‘i taqchilligi sababli reyslarni qisqartirmoqda va strategik zaxiralardan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Yevropada esa «Ryanair» va «Lufthansa» kabi gigantlar narxlar haddan tashqari yuqoriligi sababli yonilg‘i narxini hejlash (sug‘urtalash) bo‘yicha yangi shartnomalar tuzishni to‘xtatib qo‘ydilar.

Osiyoda tejamkorlik tartibi

Janubiy Koreya hukumati eksport qilinadigan aviayonilg‘ini ichki bozorga yo‘naltirishni muhokama qilmoqda. Mamlakat moliya vazirligining ma’lum qilishicha, mavjud zaxiralar faqat 208 kunga yetishi mumkin. Filippin va Viyetnamda esa aprel oyi boshidan yonilg‘i kvotalari joriy etilishi va reyslar soni yanada kamayishi kutilmoqda.

Aviatsiya rasmiylarining fikricha, yonilg‘i ta’minotidagi uzilishlar jahon iqtisodiyoti uchun yangi «transport qamali»ni keltirib chiqarishi mumkin. Xitoyning eksportni to‘xtatishi esa Osiyo bozoridagi tanqislikni yanada kuchaytirdi.

Hejlash strategiyasining inqirozi

Yevropa aviakompaniyalari joriy yilgi xarajatlarining 80 foizini «inqirozgacha bo‘lgan narxlarda» fiksatsiya qilishga ulgurgan bo‘lsa-da, yangi shartnomalar tuzish imkonsiz bo‘lib qoldi. «Ryanair» rahbari Maykl OʼLiri hozirgi stavkalarda yonilg‘i sotib olish iqtisodiy jihatdan mantiqsiz ekanini bildirdi. «EasyJet» rahbariyati esa narxlar yozgacha 1000 dollarga tushishini kutmoqda, biroq bu ham avvalgi 700 dollarlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori.

Agar vaziyat aprel oyida barqarorlashmasa, yozgi ta’til mavsumida aviachiptalar narxi rekord darajalarga chiqishi mumkin. Ekspertlarning fikricha, aviatsiya sohasi geosiyosiy beqarorlikka eng ta’sirchan tarmoq bo‘lib, yonilg‘i narxining har 10 foizga oshishi chiptalarning kamida 3-5 foizga qimmatlashiga olib keladi.

Теглар

Мавзуга оид