YOII davlatlari Armanistonga shart qo‘ydi: yo Yevroosiyo ittifoqi, yo Yevropa Ittifoqi

Бугун 22:002 дақиқа

Yevroosiyo ittifoqi davlatlari Yerevandan muhim qaror kutmoqda. Armanistonning tashqi siyosiy yo‘nalishi bo‘yicha bahslar yanada kuchayishi mumkin.

YOII davlatlari Armanistonga shart qo‘ydi: yo Yevroosiyo ittifoqi, yo Yevropa Ittifoqi

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining to‘rt a’zosi — Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Armanistonni Yevropa Ittifoqi va YOII o‘rtasida aniq tanlov qilishga chaqirdi. Bu haqda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda ma’lum qilindi.

Hujjatda Armanistonda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida qolish masalasi bo‘yicha imkon qadar tezroq umummilliy referendum o‘tkazish maqsadga muvofiq ekani qayd etilgan.

Bayonotga ko‘ra, Armanistonning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuv jarayoni YOII davlatlarining iqtisodiy xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli a’zo davlatlar vaziyatni aniqlashtirishni talab qilmoqda.

Dekabrda hisobot taqdim etiladi

Kreml saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, 2026 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida Armanistonning tashkilotdagi ishtiroki bilan bog‘liq ehtimoliy ssenariylar muhokama qilinadi.

Xususan, Yevroosiyo hukumatlararo kengashi a’zolari Armanistonga nisbatan YOII shartnomasi amal qilishini to‘xtatib turish ehtimolining iqtisodiy oqibatlari haqida hisobot taqdim etadi.

Tashkilot davlatlari bunday qarorning ehtimoliy zarari va xavflarini baholash zarurligini ta’kidlamoqda.

Moskva bosimni kuchaytirmoqda

So‘nggi oylarda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga yaqinlashuvi Moskva va Yerevan munosabatlaridagi asosiy bahs mavzularidan biriga aylandi.

May oyida Yerevanda Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti hamda Yevropa Ittifoqi va Armaniston o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Unda xavfsizlik, Ukraina atrofidagi vaziyat va yevrointegratsiya masalalari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armanistonga mazkur masala bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa agar Yerevan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lidan qaytmasa, Moskva gaz, neft mahsulotlari va qayta ishlanmagan olmos yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini ma’lum qildi.

Теглар

Мавзуга оид