«Yoshlar daftari»ga kirish tartibi o‘zgartirildi
Yangi qarorga ko‘ra, 14–30 yoshli kam ta’minlangan fuqarolarga yordam berish mexanizmi qayta ko‘rib chiqildi.

Hukumatning 78-sonli qarori bilan 2022 yil 7-iyundagi 312-son qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, «Yoshlar daftari» orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirildi. «Yoshlar daftari»ga kiritiladigan yoshlar toifasi va rag‘batlantirish mexanizmi aniq belgilab berildi.
«Yoshlar daftari»ga kiritiladigan fuqarolar
Yangi tartibga ko‘ra, 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan fuqarolar doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha «Yoshlar daftari»ga kiritiladi. Bunda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar a’zolari, shuningdek, har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalar yoshlari qamrab olinadi.
Daftarga kirish va ijtimoiy yordam olish uchun arizalar davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz yoki Yoshlar yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi. Bu jarayon elektron tarzda amalga oshirilib, shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.
«Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘ ajratish
«Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari individual reja asosida ijtimoiy shartnoma tuzish orqali taqdim etiladi. Shartnoma shartlarining bajarilishi elektron platforma orqali avtomatik monitoring qilinadi va har oy 100 balli tizim asosida baholanadi.
Barcha shartlar bo‘yicha to‘plangan ballar o‘rtacha ko‘rsatkich sifatida hisoblanadi. Kamida olti oy davomida shartlarni «a’lo» darajada bajargan va eng yuqori natija ko‘rsatgan 1 000 nafargacha yoshlar har yili dekabr oyida bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.





