Logo

AI-92 benzinini sun’iy ravishda qimmat sotayotgan «zapravka»lar aniqlandi

Kecha 21:312 daqiqa

Ohangaronda sifatsiz AI-92 benzini sotgan shoxobchaga 37 mln so‘m, Andijonda esa tegishli xulosasiz ishlagan AYQSHga 88 mln so‘m jarima solindi.

AI-92 benzinini sun’iy ravishda qimmat sotayotgan «zapravka»lar aniqlandi © Foto: uzenergoinspeksiya

Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida davlat standartlariga javob bermaydigan AI-92 benzini sotilgani aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya xabar berdi.

O‘zenergoinspeksiya va Raqobat qo‘mitasi hamkorligida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlarning sun’iy oshirilishining oldini olish hamda amaldagi talablar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. O‘rganishlarda Toshkent shahridagi P. N. O. ga hamda Farg‘ona shahridagi U. M. firmasiga qarashli AYQSHlarda AI-92 markali benzin sun’iy ravishda qimmatlashtirilgan narxda sotilayotgani qayd etilgan.

Har ikki holat yuzasidan AYQSH mas’ullariga tushuntirishlar berilib, profilaktik choralar ko‘rilgan. Shuningdek, narx bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni bartaraf etish va ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

«Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoqilg‘i bozorida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash, narxlarning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat», — deyiladi xabarda.

Sifatsiz benzin va xulosasiz faoliyat uchun jarimalar

Inspeksiya xodimlari Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi B.M.O. korxonasiga qarashli AYQSHda sifatsiz avtobenzin sotilayotgani yuzasidan kelib tushgan murojaatni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

AYQSHda sotilayotgan AI-92 markali avtobenzindan namunalar olinib, kimyo laboratoriyasida tekshirilganda, yoqilg‘i davlat standartlari talablariga javob bermasligi aniqlandi.

Natijada shoxobcha faoliyati to‘xtatilib, sotilgan neft mahsuloti qiymatining 50 foizi — 37 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Shuningdek, Andijon viloyatidagi A. X. korxonasiga qarashli AYQSH tegishli muvofiqlik xulosasini olmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Korxonaga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (88 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanildi.

Shu bilan birga, Navoiy viloyatida 14 ta, Surxondaryoda 18 ta, Andijonda esa 19 ta gaz to‘ldirish va yoqilg‘i quyish shoxobchasi o‘rganildi. Ularda neft mahsulotlari narxlarini sun’iy oshirish holatlari aniqlanmadi.

Teglar

Mavzuga oid