
AQSHda o‘zbek ayollar kengashi tuziladi
Amerikadagi o‘zbek ishbilarmon ayollarini birlashtirish orqali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbus ilgari surildi.

AQSHda o‘zbek ayollari faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus Kengash tashkil etiladi. Ushbu tashabbus Amerikadagi vatandoshlar jamoasi vakillari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa, ishbilarmon ayollarni birlashtirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
28-dekabr kuni Filadelfiya shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda tadbirkorlik, jamoat ishlari va ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritayotgan o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi. Tadbir «Vatan» jamiyati hamda O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar jamoa doirasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. Ayniqsa, ayollarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Tadbir doirasida rieltorlik va yuridik xizmatlar sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi. Bu taqdimotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, amaliy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, «Vatan» jamiyati ko‘magida O‘zbek ayollar kengashini tashkil etish, ayollar ishtirokida qo‘shma biznes va ijtimoiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mintaqada istiqomat qilayotgan vatandosh ayollarga huquqiy yordam ko‘rsatish uchun maxsus maslahat markazi ochish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, mazkur tadbir jamoa birlashmalari va O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yana bir namunasi bo‘ldi. Bu esa xorijdagi vatandoshlarni jipslashtirish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.





