Logo

Bankni o‘marmoqchi bo‘lgan yigit, Belarusdagi maoshdan norozi andijonliklar va taqiqlangan tungi reklama qo‘ng‘iroqlari — 15-iyul dayjesti

Kecha 23:003 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Bankni o‘marmoqchi bo‘lgan yigit, Belarusdagi maoshdan norozi andijonliklar va taqiqlangan tungi reklama qo‘ng‘iroqlari — 15-iyul dayjesti

Telefon raqamga SMS orqali ruxsatsiz reklama yuborish taqiqlandi

2026 yil 1-noyabrdan O‘zbekistonda mobil telefon raqamlariga tovar va xizmatlar haqidagi SMS-reklamalarni faqat abonentning yozma yoki elektron roziligi bilan yuborishga ruxsat beriladi. Shuningdek, soat 18:00 dan 09:00 gacha reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlarini tarqatish taqiqlanadi. Abonentlar mobil operatorlar orqali reklama xabarlarini to‘liq yoki qisman bloklash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Prezident qaroriga muvofiq, 1-oktabrdan my.gov.uz portalida ham yangi elektron xizmatlar ishga tushiriladi. Ular orqali fuqarolar ko‘chmas mulk va transport vositalariga taqiq qo‘yish yoki bekor qilish uchun onlayn murojaat yuborishi, o‘z nomidagi SIM-kartalar va bank kartalarini ko‘rishi, telefon raqamini vaqtincha o‘chirishi, pulli xizmatlarni tekshirishi hamda bank kartasini masofadan bloklash uchun ariza berishi mumkin bo‘ladi.

Markaziy bankda Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Markaziy bank huzurida islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. U islomiy bank xizmatlari ko‘rsatuvchi banklar, mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazoratidagi boshqa tashkilotlar faoliyati bo‘yicha tavsiya va xulosalar beradi. Shuningdek, kengash islomiy moliya standartlarini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish va sohadagi bahsli masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish bilan shug‘ullanadi.

Kengash tarkibiga islom huquqi bo‘yicha to‘rt nafar mutaxassis va bir nafar texnik ekspert kiritildi. Unga Saidjamol Masayitov rais, Muhammadayubxon Homidov rais o‘rinbosari etib tasdiqlandi. Shuningdek, Hikmatilla Toshtemirov, Abdulatif Tursunov va texnik ekspert sifatida Axrorjon Sadullayev kengash a’zosi bo‘ldi. Kengash har yili Markaziy bankka o‘z faoliyati yuzasidan hisobot taqdim etadi.

O‘zbekistonga yarim yil davomida 6,5 milliondan ortiq sayyoh keldi

2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 6 mln 565 ming nafardan ortiq xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 million nafarga yoki 24,9 foizga ko‘p.

Sayyohlarning asosiy qismi qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan mehmonlar soni jami 4,9 million nafardan oshgan.
Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonga eng ko‘p sayyoh Qirg‘iziston (1,87 mln), Qozog‘iston (1,55 mln) va Tojikistondan (1,47 mln) kelgan. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (585,6 ming), Afg‘oniston (238,9 ming), Xitoy (223,5 ming), Turkmaniston (164,2 ming), Turkiya (95,5 ming), Hindiston (26,4 ming) va Germaniya (22,3 ming) joylashgan.

Samarqandda bankni o‘marmoqchi bo‘lgan yigit qo‘lga olindi

Samarqand shahrida bankka bosqinchilik qilishga uringan yigit qo‘lga olindi. IIV Qo‘riqlash departamenti ma’lumotiga ko‘ra, u bankka qishki kiyim va niqobda kirib, o‘zida portlovchi modda borligini aytib xodimlarni qo‘rqitgan. Shundan so‘ng bank eshigining oynasini sindirib, kassadagi pullarni talab qilgan.

Voqea joyiga yetib kelgan qo‘riqlash xizmati xodimlari gumonlanuvchi bilan muzokara olib borgan va u ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lgan. Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Belarusdagi o‘zbekistonliklar maoshdan norozi bo‘ldi, agentlik izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Belarusga ishlash uchun yuborilgan andijonlik ishchilarning maosh kamligidan norozi ekani aks etgan video tarqaldi. Ularning aytishicha, ish beruvchi va’da qilinganidan kam — 500 dollar maosh taklif qilgan, yotoqxona va boshqa yashash xarajatlarini esa o‘zlari qoplashi kerak. Ayrim ishchilar bunday shartlarda ishlashdan ko‘ra O‘zbekistonda ko‘proq daromad topish mumkinligini bildirgan.
Migratsiya agentligiga ko‘ra, mazkur loyihani pilot tarzda Andijon viloyati hokimligi tashkil etgan. Agar ish beruvchi shartnomada ko‘rsatilgan maoshni to‘lamasa yoki shartlarga rioya qilmasa, ishchilar boshqa ishga o‘tkaziladi yoki O‘zbekistonga qaytishiga yordam beriladi. Agentlikning ta’kidlashicha, rasmiy shartnomalarda oylik 900–1000 dollar, ayrim hollarda esa 1200 dollargacha ish haqi belgilangan bo‘lib, yuzaga kelgan muammoni tezkor hal qilish choralari ko‘rilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid