add

Bishkekda qurilish ko‘payganiga qaramasdan, uy-joy narxlari oshmoqda

Bugun 14:101562

Bishkekda hozircha tarixda kuzatilmagan darajada ko‘p qurilish ishlari ketmoqda. Biroq shu bilan birga uy-joy narxlari ham oshishda davom etmoqda.

Bishkekda qurilish ko‘payganiga qaramasdan, uy-joy narxlari oshmoqda

Tashqi tomondan qaraganda bu mantiqan to‘g‘ri kelmasligi mumkin, lekin bozorning ichki mexanizmi ancha murakkab. Bo‘y ko‘rsatib turgan osmono‘par kranlar metr kvadratlar narxining tushishini anglatmaydi, chunki taklif oshishi narxlarni tushira olmaydi, agar talab undan ham tezroq o‘sib borsa yoki bu talab real yashash ehtiyojidan kelib chiqmagan bo‘lsa.

Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi yillarda narxlarning oshishiga asosiy sabab — investitsion va spekulyativ talab. Yuqori inflatsiya, moliyaviy instrumentlar yetishmasligi va boshqa mustahkam omonat yo‘qligi tufayli odamlar pullarini himoya qilish uchun uy-joy sotib olishga o‘tishmoqda. Ko‘p holatda fuqarolar loyihaning yerga qoziq urilgan ilk bosqichidayoq bir nechta kvartira xarid qilishmoqda. Ushbu uylar bo‘sh tursa-da, bozorda yetishmovchilik tasavvurini yaratadi. Bunga Rossiyadan kelayotgan kapital va migrantlar yuborgan mablag‘lar ham qo‘shiladi. Bishkek ko‘plar uchun biznes yoki mablag‘ni o‘tkazishga qulay yurisdiksiyaga aylangan.

Ikkinchi omil — taklif tuzilishi. Shaharda ko‘pincha qulayliklar bilan ta’minlangan («komfort») uylar qurilmoqda, ammo oddiy, aholi uchun yetarli va arzon uylar deyarli yo‘q. Yigit-qizlar yoki o‘rta daromadli aholi uchun mo‘ljallangan uylar kamchilikni tashkil qiladi. Qimmat turadigan ko‘p qavatli uylar miqdor jihatdan ko‘paymoqda, lekin bu iqtisodiy segmentdagi narxlarga ta’sir qilmayapti.

Shu bilan birga qurilish materiallari, muhandislik tizimlari va import uskunalar narxi oshib bormoqda. Qurilish uchun yer qiymati ham o‘sishda. Shu bois metr kvadratning tannarxi oshib, qurilish kompaniyalari buni narxga qo‘shib qo‘ymoqda.

8 foizlik davlat ipoteka dasturi esa talabni yanada oshirmoqda. Uy-joy krediti arzonlashsa, xaridorlar soni ko‘payadi, bu esa avtomatik ravishda narxlarni yuqoriga o‘rlatmoqda. Natijada ijtimoiy dastur orqali aholiga yordam berish o‘rniga, narxlar yanada yuksayotganini ko‘rish mumkin.

Bunda davlat uchun ham foyda bor: qurilish hisobiga YAIM o‘smoqda, soliq tushumlari ortib, banklar qimmat aktivlar bilan ta’minlanmoqda. Har qancha g‘alati tuyulmasin, bu hukumat bozorni ataylab qizdiryapti, degani emas. Ammo Qirg‘iziston iqtisodiyotida uy-joy narxlarining o‘sishi iqtisodiy faollikning alomati sifatida qabul qilinadi. Qisqa muddatli manzarada bu siyosiy va iqtisodiy hisobotlar uchun qulay.

Agar narxlar tushsa-chi?

Bunday holatda oqibatlar pasayish darajasiga qarab farqlanadi. Agar narxlar ozroq tushsa, quruvchilar faqat marjani qisqartiradi, obodonlashtirishni cheklaydi yoki yangi loyihalarni kechiktiradi.

Ammo narxlar 20 foiz pasaysa holat sezilarli o‘zgaradi. Kichik qurilish kompaniyalari bozordan chiqib ketadi, muammoli ob’ektlar ko‘payadi, ba’zi binolar kommunikatsiyasiz qolib ketadi. Banklar ipoteka talablarini kuchaytiradi, garov va boshlang‘ich to‘lov uchun talablarni oshiradi. Bunday vaziyatda uyni qimmatga olganlar og‘ir ahvolda qoladi: kvartira narxi tushadi, lekin ipoteka o‘zgarmasdan qoladi. Natijada bozorga ishonch pasayadi, iste’mol qisqaradi. Ayni paytda qurilish YAIM o‘sishining 30 foizini tashkil etadi, shunday ekan, narxlar pasayishi butun iqtisodiyotga zarba beradi.

Teglar

Mavzuga oid

Bishkekda qurilish ko‘payganiga qaramasdan, uy-joy narxlari oshmoqda | Vaqt.uz