add

Dollar so‘nggi o‘n yillikda eng keskin yillik pasaydi: bunga sabab nimada?

Bugun 08:584 daqiqa

AQSH dollari 2017 yildan beri eng keskin yillik pasayishni qayd etdi. Uoll-strit banklari 2026 yilda ham u yanada zaiflashishini taxmin qilmoqda. Bu holat Federal zaxira tizimi (FZT) foiz stavkalarini pasaytirishda davom etayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Dollar so‘nggi o‘n yillikda eng keskin yillik pasaydi: bunga sabab nimada?

Dollarning pasayishi

Joriy yilda AQSH dollari asosiy valyutalar savatchasiga nisbatan 9,5 foizga arzonlashdi. Bu holat AQSH prezidenti Donald Tramp boshlagan savdo urushidan so‘ng yuzaga keldi. Ushbu urush dunyodagi eng yirik iqtisodiyot taqdiri yuzasidan xavotirlarni keltirib chiqardi va dollarning an’anaviy ravishda investorlar uchun «himoya makoni» ekanligi shubha ostiga qo‘yildi, deb yozmoqda Financial Times.

Asosiy valyutalar orasida yevro eng ko‘p mustahkamlandi — zaiflashib borayotgan dollarga nisbatan 14 foizga oshib, 1,17 dollar chegarasidan oshib ketdi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi marta 2021 yilda kuzatilgan edi.

«Bu erkin ayirboshlash kursiga ega bo‘lgan valyutalar tarixi davomida dollar uchun eng yomon yillardan biri bo‘ldi», — dedi Deutsche Bankning global valuta tahlilchilari rahbari Jorj Saravelos. Uning ta’kidlashicha, gap — narxlarni bozor belgilaydigan, valuta qiymati oltinga bog‘lanmagan so‘nggi yarim asrlik davr haqida bormoqda.

Dastlab dollarning zaiflashuviga 2025 yil aprelida Trampning AQSHning savdo hamkorlariga nisbatan agressiv bojlar joriy etishi sabab bo‘ldi — u paytda dollar asosiy valyutalarga nisbatan 15 foizga tushib ketgan edi, so‘ng biroz tiklandi. Biroq FZT sentabrda foiz stavkalarini yana pasaytira boshlashi uning qiymatiga bosimni davom ettirmoqda.

 

Tahlilchilar nima deyishmoqda?

Tahlilchilar va sarmoyadorlar fikriga ko‘ra, kelasi yili AQSH Markaziy banki — Federal zaxira tizimi (FZT) tomonidan yana foiz stavkalarining pasaytirilishi, shu bilan birga Yevropadagi markaziy banklar, jumladan, Yevropa Markaziy banki (YeMB) stavkalarni saqlab qolishi yoki yanada oshirishi dollarning qiymatsizlanishiga olib keladi.

Treyderlar 2026 yilning oxirigacha FZT stavkani 2 yoki 3-marta — har biri 0,25 foiz punktga pasaytirishi mumkin, deb taxmin qilmoqda. Shu bilan birga, YeMB rahbari Kristin Lagard joriy oyda «barcha variantlar muhokama uchun ochiq» ekanini aytdi. YeMB stavkalarni o‘zgarishsiz qoldirgan bo‘lsa-da, iqtisodiy o‘sish va inflatsiya bo‘yicha prognozlarini oshirdi.

Uoll-strit banklari yevro 2026 yil oxiriga borib 1,20 dollargacha mustahkamlanishini, funt esa hozirgi 1,33 dollardan 1,36 dollargacha o‘sishini kutmoqda.

«Federal zaxira tizimi dunyoning boshqa markaziy banklaridan farqli yo‘l tutayapti… u hanuzgacha yumshatish siyosatini olib bormoqda», — dedi ING’ning bosh xalqaro iqtisodchisi Jeyms Naytli.

Dunyo miqyosida yetakchi valuta sanalgan dollarning harakati kompaniyalar, investorlar va markaziy banklar uchun katta ahamiyatga ega. Bu yilgi kuchsiz dollar AQSH eksportchilari uchun qulay bo‘lsa-da, daromadining bir qismini AQSH bozorida qiladigan ko‘plab yevropalik kompaniyalar uchun muammoli bo‘ldi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, 2026 yilda dollarning taqdiri Tramp tomonidan tayinlanadigan FZT yangi rahbariga ham bog‘liq bo‘ladi. Agar Jerom Pauellning o‘rnini egallaydigan nomzod Oq uy bosimi ostida foiz stavkalarini yanada pasaytirsa, dollar yana qiymatsizlanishi mumkin.

Financial Times xabariga ko‘ra, investorlar AQSH Moliya vazirligiga Pauellning vakolati 2026 yil mayida tugashi munosabati bilan Kevin Hassettni yangi rahbar sifatida tayinlash haqidagi gap-so‘zlardan xavotir bildirishgan. Ularga ko‘ra, Hassett Trampga ma’qul kelishi uchun stavkalarni tushirishni tanlashi mumkin.

Jeyms Naytliga ko‘ra, yangi rahbar FZTni «intervension va agressivroq» tashkilotga aylantirishi, stavkalarni keskin pasaytirishga moyil bo‘lishi va ko‘proq intuitsiyaga suyanishi mumkin.

Agar FZT Oq uy ta’siri ostida qolsa, bu yana AQSH siyosati yuzasidan ishonchsizlikni oshiradi — bu holat aprelda Tramp tomonidan e’lon qilingan «ozodlik bojlari»dan keyingi haftalarda dollarga jiddiy bosim keltirgan edi.

Dollar sentabrdagi yillik eng past nuqtasidan 2,5 foizga tiklangan. Bu qisman savdo urushi iqtisodiyotni retsessiyaga olib keladi, degan taxminlar o‘zini oqlamagani bilan bog‘liq.

Dollarning yanada o‘sishini kutayotganlar ta’kidlashicha, sun’iy intellektga investitsiyalar AQSH iqtisodiyotini Yevropanikidan tezroq o‘sishiga olib keladi. Bu esa FZTga stavkalarni chuqur pasaytirish imkonini cheklaydi.

Biroq ayrim tahlilchilar fikriga ko‘ra, AQSH aksiyalari 2026 yilda ham o‘sishda davom etsa-da, bu dollarni qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin.

Garchi dollar apreldagi turbulentlikdan so‘ng barqarorlashgan bo‘lsa-da, tahlilchilar Trampning beqaror siyosati xorijiy investorlarni dollar xatarlarini hejlashga undaganini qayd etmoqda.

 

Nega dollar tushyapti?

Deutsche Bank tahlilchisi Saravelos fikriga ko‘ra, dollarning tushishiga sabab — global investorlar, ayniqsa Yevropada, hejlanmagan dollar pozitsiyalariga «strukturaviy qayta baho» bermoqda.

Investorlar derivativ bitimlar orqali xatarlarni xedj qilishni kuchaytirgani dollarga bosimni yanada kuchaytirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid