Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yana yopdi. Bir nechta kemalar o‘qqa tutildi

Kecha 21:004 daqiqa

Eron juma kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilganini e’lon qilgandi, shanba kuni esa uni yana yopdi.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yana yopdi. Bir nechta kemalar o‘qqa tutildi

Eron Qurolli kuchlari shanba kuni Vashington bilan muzokaralar doirasida qabul qilingan ushbu strategik muhim suv yo‘lini ochish qarorini bekor qilib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan «qattiq nazorat» tiklanganini e’lon qildi.

Davlat televideniyasi orqali namoyish etilgan bayonotda harbiylar Vashington Eron portlariga kelayotgan va ulardan ketayotgan kemalarning dengiz qamalini davom ettirib, va’dasini buzganini ma’lum qildi.

1

«AQSH Eronga kiruvchi barcha kemalar uchun suzish erkinligini tiklamaguncha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat qattiq nazorat ostida qoladi», - deyiladi bayonotda.

Bugun, 18-aprel kuni Donald Tramp jurnalistlarga Eron rahbariyati yana Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ymoqchi ekanini tasdiqladi.

«Biroq «AQSH o‘zini shantaj qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi», - dedi u.

2

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu masalada qattiq pozitsiyani egallamoqda. U Eron bilan «juda yaxshi muzokaralar» olib borilayotganini qo‘shimcha qildi, lekin Tehron «oxirgi 47 yil davomida bo‘lgani kabi bir oz ayyorlik» qilayotganini ta’kidladi.

«Kun oxirigacha Eron bo‘yicha qandaydir ma’lumot paydo bo‘ladi», deb va’da berdi Tramp, lekin nizo haqidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savollarga javob bermadi.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilganini, Tramp esa qamal davom etishini e’lon qildi

Tehron va Vashington o‘rtasidagi sulh muddati chorshanba kuni, 22-aprelda tugaydi.

«Ehtimol, men uni uzaytirmasman, lekin qamal qoladi», — dedi Tramp avvalroq «Air Force One» bortida jurnalistlarning sulh uzaytirilishi haqidagi savoliga javoban.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotlariga ko‘ra, 13-aprel kuni boshlangan qamal davomida 21 ta kema Eronga qaytib ketishga majbur bo‘lgan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalar o‘qqa tutilgani haqida xabar bermoqda

Britaniya dengiz savdo operatsiyalari boshqarmasi (UKMTO) ma’lumotlariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganidan ko‘p o‘tmay, u yerda bo‘lgan tanker Eron Islom inqilobi soqchilari korpusiga tegishli ikkita kater tomonidan o‘qqa tutilgani haqida xabar bergan. Voqea Ummondan taxminan 20 dengiz mili (37 km ga yaqin) shimoli-sharqda sodir bo‘lgan. UKMTO ma’lumotlariga ko‘ra, kema va ekipaj xavfsizlikda.

«Tanker kapitanining xabar berishicha, unga Islom inqilobi soqchilari korpusining ikkita kateri yaqinlashgan, ular aloqaga chiqmasdan tankerga qarata o‘t ochgan. Tanker va ekipaj xavfsizlikda ekani xabar qilinmoqda. Hukumat tekshiruv o‘tkazmoqda», — deyiladi Grinvich vaqti bilan 09:20 da e’lon qilingan xabarda.

Bundan tashqari, «Reuters» agentligining uchta manbasiga ko‘ra, kamida ikkita savdo kemasi bo‘g‘ozni kesib o‘tishga uringanda o‘qqa tutilganini bildirgan.

Kemachilik sohasidagi manbalarning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi kemalar Eron Harbiy-dengiz kuchlaridan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yana yopilgani va u orqali o‘tish barcha kemalar uchun taqiqlangani haqida bildirishnoma olgan.

Asosiy kelishmovchiliklar

Bugun, 18-aprel kuni Pokiston rasmiylari armiya bosh qo‘mondoni Osim Munir Tehronga uch kunlik tashrifini yakunlaganini xabar qildi. U urushni to‘xtatish harakatlari doirasida Eron rahbariyati bilan uchrashgan.

Xabar qilinishicha, feldmarshal prezident, tashqi ishlar vaziri, parlament spikeri va harbiy qo‘mondonlik rahbari bilan uchrashgan. Tashrif Pokistonning «nizoni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga ko‘maklashish hamda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ilgari surishdagi qat’iy qarorini» namoyish etdi.

O‘tgan dam olish kunlari AQSH va Eron delegatsiyalari Islomobodda Pokiston vositachiligida tinchlik muzokaralarini o‘tkazgan edi. Birinchi raund muvaffaqiyatsiz tugaganiga qaramay, urushni tugatish bo‘yicha diplomatik harakatlar davom etdi.

Yaqin orada tomonlarning Pokiston poytaxtida yana uchrashishi kutilmoqda, biroq Eron hukumati shanba kuni uchrashuv sanasi hali belgilanmaganini ma’lum qildi.

«AFP» qayd etishicha, AQSH va Eron o‘rtasida hali ham jiddiy kelishmovchiliklar mavjud. Tramp jurnalistlarga Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalardan «boj undirmasligini» aytdi — avvalroq Tehron buni talab qilgan edi.

Bundan tashqari, Tramp Vashington va Tehron tinchlik kelishuvi doirasida Eronda saqlanayotgan boyitilgan uranni birgalikda AQSHga olib chiqib ketishini da’vo qildi, biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi uran zaxiralari hech qayerga ko‘chirilmasligini bildirdi.

AQSH Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalar to‘xtatilishini uzaytirdi

Kecha, 17-aprel kuni tunda AQSH prezidenti ma’muriyati sanksiya ostidagi Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotib olishga imkon beruvchi istisnolar muddatini uzaytirdi.

Vashington shu yo‘l bilan AQSH-Isroilning Eron bilan urushi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi fonida keskin ko‘tarilgan energiya resurslarining jahon narxlarini jilovlashga intilmoqda.

AQSH Moliya vazirligi juma kuni holatiga ko‘ra kemalarga yuklangan neftni 16-maygacha sotib olishga ruxsat berdi — bu 11-aprelda muddati tugagan dastlabki 30 kunlik ruxsatning uzaytirilishidir.

Bunda istisno Eron, Kuba va Shimoliy Koreya ishtirokidagi bitimlarga taalluqli emas.

AQSHning bu harakatlari G‘arbning Rossiyani Ukrainadagi urushdan keladigan daromadlardan mahrum qilish harakatlarini qiyinlashtirishi va Vashington hamda uning ittifoqchilari o‘rtasida kelishmovchiliklarga olib kelishi mumkin.

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen avvalroq hozir Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish vaqti emasligini aytgan edi.

Teglar

Mavzuga oid