Logo

Gaz narxi keskin oshdi: Osiyo chekinyapti, Yevropa esa qishga tayyorlanmoqda

Bugun 18:146 daqiqa

Jahon suyultirilgan tabiiy gaz bozorida ta’minotning qisqarishi narxlarning keskin oshishiga olib keldi. Oqibatda Osiyo davlatlari xarid hajmini kamaytirmoqda, Yevropa esa qish mavsumi oldidan gaz zaxirasini yaratish uchun yanada kuchliroq raqobatga kirishgan.

Gaz narxi keskin oshdi: Osiyo chekinyapti, Yevropa esa qishga tayyorlanmoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

Jahon gaz bozorida o‘ziga xos vaziyat yuzaga keldi: narxlarning ko‘tarilishi ortidan Osiyo davlatlari suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) xaridini cheklayotgan bir paytda, Yevropa qishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, qimmat bo‘lishiga qaramay, ko‘proq gaz sotib olmoqda.

«Reuters» agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilning sentabr oyida Osiyo mintaqasida LNG importi taxminan 20,09 million tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Bu sentabr oyi uchun 2018 yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida Osiyo 22,27 million tonna, joriy yilning avgust oyida esa 22,25 million tonna suyultirilgan gaz import qilgan edi.

Ayni paytda Yevropaning LNG bozoridagi ulushi ortib bormoqda. Hozirda Yevropa Ittifoqining gaz omborlari taxminan 68 foizga to‘lgan bo‘lib, bu so‘nggi besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 16 foizga kam. Shu sababli mintaqada qish oldidan qo‘shimcha importga ehtiyoj hamon yuqoriligicha qolmoqda.

LNG narxi nega birdaniga ko‘tarilib ketdi?

Buning asosiy sababi Yaqin Sharqdagi ta’minot uzilishlari bilan bog‘liq.

«Reuters» xabariga ko‘ra, fevral oyi oxirida boshlangan harbiy harakatlardan oldin Qatar dunyo LNG eksportining qariyb 20 foizini ta’minlab kelgan. Bu mamlakat jahonda suyultirilgan gaz eksporti bo‘yicha AQSHdan keyingi ikkinchi o‘rinni egallash uchun Avstraliya bilan jiddiy raqobat olib borayotgan edi.

Biroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi logistik muammolar Qatarning eksport hajmini keskin kamaytirib yubordi. «Kpler» tahliliy kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, avgust oyida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali bor-yo‘g‘i 70 ming tonna, ya’ni bittagina kemada LNG olib o‘tilgan. Vaholanki, bundan oldingi uch oy davomida oylik o‘rtacha eksport hajmi 6,51 million tonnani tashkil qilgan edi.

Natijada Osiyoda suyultirilgan gazning spot narxi so‘nggi 45 oy ichidagi eng yuqori darajaga chiqdi. 11-sentabrda yakunlangan hafta savdolarida Shimoli-Sharqiy Osiyoga yetkazib beriladigan LNG narxi 1 million Britaniya issiqlik birligi (mmBtu) uchun taxminan 26 dollar atrofida baholandi. Taqqoslash uchun, fevral oyi oxirida bu ko‘rsatkich 10,4 dollarni tashkil etgandi.

Demak, bor-yo‘g‘i bir necha oy ichida spot bozorida LNG qariyb 150 foizga qimmatlagan. «Reuters» tahlillariga ko‘ra, suyultirilgan gaz narxining bunday sakrashi ayni shu davrda «Brent» markali neft fyucherslarida kuzatilgan 50 foizlik o‘sishdan ham ancha yuqori bo‘ldi.

Osiyo qimmat gazdan voz kechmoqda

Qayd etilishicha, газ narxi ko‘tarilgani sari importchilarning talabni kamaytirishi tabiiy holat. Ayni paytda Osiyoda xuddi shu jarayon kuzatilmoqda.

Xususan, sentabr oyida Xitoyning LNG (suyultirilgan tabiiy gaz) importi 4,32 million tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Vaholanki, bu ko‘rsatkich avgustda 5,20 million, 2025 yilning sentabrida esa 5,32 million tonna bo‘lgan edi. Shuningdek, joriy yilda Xitoy dunyodagi eng yirik suyultirilgan gaz importchisi maqomini Yaponiyaga boy berishi ehtimoli bor.

Hindistonda esa sentabrdagi import hajmi 1,86 million tonna bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan (2,09 million tonna) sezilarli darajada kam.

Pokistondagi tafovut esa yanada katta: o‘tgan yilning sentabrida 490 ming tonna LNG xarid qilingan bo‘lsa, bu yil mazkur ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 120 ming tonnagacha tushib qolishi kutilmoqda.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) ham 2026 yilda Osiyo mintaqasida tabiiy gaz iste’moli taxminan 0,5 foizga qisqarishini prognoz qilgan. Suyultirilgan gazning qimmatlashishi elektr energetikasi sohasida gazdan ko‘mirga o‘tish jarayonini tezlashtirishi va ko‘p energiya talab qiluvchi sanoat korxonalarining ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yevropa esa, aksincha, xarid hajmini oshirmoqda

Yevropada esa vaziyat tamoman boshqacha. Rossiyadan quvur orqali keladigan gaz hajmi keskin qisqargani ortidan, LNG Yevropaning gaz ta’minotida asosiy manbaga aylandi. Qish mavsumi yaqinlashgani sari omborlarni to‘ldirishga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortmoqda.

«Kpler» tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida Yevropaga 7,98 million tonna LNG yetkazib berilishi kutilmoqda. Bu avgust oyidagidan (7,55 million tonna) ko‘proq bo‘lib, may oyidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Oktyabr oyi uchun bu prognoz 10,53 million tonnani, noyabrda esa 10,62 million tonnani tashkil etmoqda.

Bu raqamlar jahon LNG bozorida gaz tashuvchi kemalar uchun raqobat yanada kuchayishini anglatadi. Osiyodagi ayrim xaridorlar qimmat gazdan voz kechgani sari, bo‘shagan kemalar Yevropa sari yo‘l olmoqda. «Reuters» agentligi aynan mazkur tendensiyani bugungi gaz bozorining asosiy xususiyatlaridan biri sifatida qayd etgan.

Vaziyat 2022 yilni yodga solmoqda

Bugungi global gaz bozoridagi manzara 2022 yildagi inqirozni yodga soladi. O‘shanda Rossiyaning Yevropaga gaz eksporti keskin qisqarishi ortidan suyultirilgan gaz uchun raqobat kuchayib ketgan edi. Natijada, 2022 yilda Osiyoda LNGning spot narxi qisqa muddatga 70,50 dollargacha (1 mmBtu uchun) ko‘tarilib ketgandi.

O‘sha davrda Osiyoning LNG importi 2022 va 2023 yillarda (2021 yilga nisbatan) sezilarli darajada pasaygan va faqatgina 2024 yilga kelib rekord ko‘rsatkichga — 287,16 million tonnaga chiqqan. Yevropa esa 2022 yilning o‘zidayoq import hajmini 59 foizga oshirib, uni 124,54 million tonnaga yetkazishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Muammo faqat bu yil bilan cheklanmasligi mumkin

Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi inqiroz 2026 yilda global LNG bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mart–iyun oylarida Qatar va Birlashgan Arab Amirliklaridan eksport qilingan suyultirilgan gaz hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35 milliard kub metrga kamaygan.

Garchi AQSH, Afrika va boshqa mintaqalardagi qo‘shimcha ishlab chiqarish bu yo‘qotishlarning bir qismini qoplagan bo‘lsa-da, vaziyat hamon qaltis. IEA hisob-kitoblariga ko‘ra, mart–iyun oylarida Fors ko‘rfazidan tashqari davlatlarda LNG ishlab chiqarish hajmi qariyb 18 foizga oshgan.

Biroq bu hali yetarli emas. Agentlik 2026–2030 yillarda LNG ta’minotidagi yo‘qotishlar hajmini taxminan 140 milliard kub metr deb baholamoqda. Shu sababli jahon gaz bozoridagi taranglik 2026–2027 yillarda avval kutilganidan ham kuchliroq bo‘lishi ehtimoli bor.

Buning O‘zbekistonga ta’siri qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston uchun bu holat Osiyo yoki Yevropa davlatlaridagi kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri suyultirilgan gaz importi bilan bog‘liq emas. Boisi, mamlakatning ochiq dengizga chiqish imkoniyati yo‘q va LNG ortilgan yirik tankerlarni qabul qiluvchi infratuzilmaga ega emas. Shuning uchun ham O‘zbekiston uchun global LNG narxlari bevosita import qiymati sifatida emas, balki mintaqaviy gaz bozoridagi umumiy vaziyatga ta’siri nuqtai nazaridan muhimdir.

So‘nggi yillarda mamlakat gaz importiga tobora ko‘proq ehtiyoj sezmoqda. Jahon bankining qayd etishicha, O‘zbekiston 2023 yildan boshlab sof (netto) gaz importchisiga aylangan. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekiston Rossiya va Turkmanistondan 1,45 milliard dollarlik tabiiy gaz sotib olgan. Bu davrda mamlakat eksportga nisbatan ko‘proq gaz import qilgani kuzatilgan.

Demak, O‘zbekiston uchun LNG tankerlarining aynan qaysi manzilga yo‘l olayotgani emas, balki global gaz bozorida narxlar va ta’minot masalasi qancha vaqt davomida yuqori darajada saqlanib qolishi muhimroq.

Agar Yevropa qish mavsumi oldidan gaz uchun qo‘shimcha haq to‘lashda davom etsa va Osiyoda qimmatchilik sababli talab pasaysa, bu jahon gaz bozorida narxlarning baland bo‘lib qolishiga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, quvur orqali import qilinadigan gaz bo‘yicha shartnomalar, mintaqadagi muqobil ta’minot manbalari va mamlakatning ichki energetika siyosatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Gaz bozorida ustunlik kim tarafda?

Bugungi sharoitda jahon gaz bozoridagi eng asosiy omil ishlab chiqarish hajmi emas, balki tayyor mahsulotni qaysi bozorga yo‘naltirish imkoniyati bo‘lib qolmoqda.

Yevropa qish oldidan gazga muhtoj. Osiyo esa qimmat narxlar tufayli xaridni cheklamoqda. AQSH suyultirilgan gaz eksportini oshirayotgan bo‘lsa-da, Qatar ta’minoti hali avvalgi darajasiga to‘liq qaytgani yo‘q. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi logistik muammolar esa bozor uchun alohida xavf sifatida saqlanib turibdi.

Shu sababli ham hozir LNG bozorida bir qarashda ziddiyatli vaziyat shakllangan: Osiyo qimmat gazdan voz kechmoqda, Yevropa esa qimmat bo‘lishiga qaramay uni sotib olmoqda. Biroq bu ikki jarayon bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Aniqrog‘i, bir tomondagi talabning qisqarishi ikkinchi tomon uchun qo‘shimcha resurs yaratib bermoqda.

Xullas, jahon energetika bozoridagi asosiy masala endilikda gaz narxining qancha bo‘lishida emas, balki ta’minotdagi bu uzilishlar yana qancha vaqt davom etishida bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid