«Human Rights Watch»: O‘zbekistonda paxta va bug‘doy yetishtirishda majburiy tizim saqlanib qolmoqda
Tashkilotning yangi hisobotida O‘zbekistonda davlat ishlab chiqarish tizimi fermerlarni kvota va jarimalar orqali nazorat qilishi, ularning mehnat va mulk huquqlari poymol etilayotgani qayd etildi.
© Javhar ChorshanbiyevaSo‘nggi qishloq xo‘jaligi islohotlariga qaramay, O‘zbekistonda majburiy davlat ishlab chiqarish tizimi orqali paxta va bug‘doy fermerlarining inson va mehnat huquqlari buzilmoqda, deya o‘z hisobotini e’lon qildi «Human Rights Watch» va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi.
85 sahifali «Fermerlarda erkinlik yo‘q: O‘zbekistonda paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlarning huquqlari poymol qilinishi hamda ekspluatatsiyasi» nomli hisobotda davlatdan ijaraga olingan yerlardagi majburiy kvotalar bo‘yicha ekinlarni markazlashtirilgan tarzda belgilangan narxlarda sotish, kvotalarni bajarmaganlik uchun jarimalarga tortish (hatto talab qilinadigan hosildorlikka erishish imkoni mavjud bo‘lmagan hollarda ham) holatlari keltirilgan. Hokimiyat organlari kvotalarni bajarmagan fermerlarga tahdid va zo‘ravonlik qo‘llab, jarima sifatida yerlarni tortib olishi mumkinligi ham qayd etilgan. Shuningdek, hisobotda fermerlar paxta-to‘qimachilik va bug‘doy korxonalari tomonidan to‘lovlarning kechiktirilishi yoki umuman to‘lanmasligiga duch kelayotgani, hokimiyat organlari esa korxonalarni to‘lovlarni amalga oshirishga majbur qiluvchi sud qarorlarining ijrosini ta’minlamayotgani haqida so‘z boradi.
«O‘zbekiston hukumati mehnatkash fermerlarni paxta va bug‘doy yetishtirish uchun majburlash va ularni ekspluatatsiya qilish amaliyotiga barham berishi zarur. Hokimiyat organlari fermerlarni haqiqatdan himoya qiladigan qishloq xo‘jaligi islohotlarini amalga oshirishi va fermerlarning o‘zlari taklif qilayotgan zarur o‘zgarishlar bo‘yicha mulohazalariga quloq solishi lozim», – deydi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi direktori Umida Niyozova.
Inson huquqlari guruhlari O‘zbekistonning oltita viloyatidan va Qoraqalpog‘iston respublikasidan 75 nafar fermer bilan suhbat o‘tkazgan. Shuningdek, 2023 yil oktabrdan 2025 yil dekabrgacha bo‘lgan davrda sud hujjatlari, qonunchilik va boshqa rasmiy hujjatlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi maqolalar, davlat amaldorlarining bayonotlari o‘rganib chiqilgan.
«O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda paxta terimida davlat tomonidan majburiy mehnatni tugatdi va qishloq xo‘jaligi sohasida keng qamrovli islohotlar o‘tkazish majburiyatini oldi. Sezilarli yaxshilanishlar kuzatilganiga qaramay, O‘zbekistonda strategik ekinlarni yetishtirish va ishlab chiqarishning mavjud tizimi hamon majburiy mehnat xavfini keltirib chiqarmoqda», – deyiladi hisobotda.
Tashkilotlar aniqlashicha, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tizimi paxta va bug‘doy fermerlarining mustaqil faoliyat yuritishiga yoki o‘z mehnat sharoitlarini nazorat qilishiga yo‘l qo‘ymaydi va amalda ularni davlatga tobe qilib qo‘yadi.
«Xuddi biz yer egalari emas, balki kimningdir yollangan ishchisiga aylanib qolgandekmiz», – deydi xorazmlik paxta yetishtiruvchi fermer.
«Human Rights Watch» va O‘zbek forumi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish shartnomalari fermerlarni mahalliy hokimiyat organlari tomonidan yerlarni noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan tortib olishdan himoya qilmasligini, mahalliy hokimiyat organlari esa fermerlar rejalarni bajarmaganda muntazam ravishda yerni tortib olish bilan qo‘rqitishini hujjatlashtirgan.
«Hukumat tomonidan yerni tortib olishga qarshi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan fermerlar O‘zbekiston sudlarida kamdan-kam hollarda adolat topa oladi, yoki topgan taqdirda ham, mahalliy amaldorlar yerni fermerga qaytarish to‘g‘risidagi qarorlarni deyarli ijro etmaydi», – deyiladi hisobotda.
Fermerlar, shuningdek, xususiy paxta-to‘qimachilik va bug‘doy ishlab chiqaruvchi korxonalar paxta va bug‘doy xomashyosi uchun to‘lovlarni kechiktirishi yoki umuman to‘lamagani sababli soliq jarimalariga tortilayotganini aytgan. Ba’zi hollarda kechiktirilgan yoki amalga oshirilmagan to‘lovlar ularni og‘ir moliyaviy ahvolga solib qo‘yadi va bankrotlikka olib keladi. Ba’zi hollarda hokimiyat organlar shartnomalarga rioya qilishni ta’minlamagan yoki sudlar qaror chiqargan bo‘lsa ham, korxonalardan fermerlarga to‘lovlarni amalga oshirishni talab qilmagan.
Haqorat va hibslar
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida adovatli va kamsituvchi muhit saqlanib qolmoqda. Fermerlar mahalliy amaldorlar bilan uchrashuvlarda kaltak yegani yoki ularga narsalar uloqtirilganini aytgan. Amaldorlar fermerlarni paxta yoki bug‘doy rejasini bajarmagani uchun «eshak», «isqirt» yoki «cho‘chqa» deb haqoratlagan. Ayrim og‘irroq holatlarda ichki ishlar xodimlari o‘zboshimchalik bilan fermerlarni rejalarini bajarmagan uchun bir necha kungacha hech qanday ayblovsiz hibsga olgan.
«Human Rigths Watch» va O‘zbek forumi, shuningdek, ichki ishlar fermerlar huquqlari haqida xabar bergan mahalliy blogerlarga tahdid qilgani yoki ularni hibsga olgani, keyin esa sudlar ularga qisqa muddatli qamoq jazosi berganini bir necha marta qayd etgan.
Fermerlar huquqlari
O‘zbekiston hukumati «Human Rigths Watch» va O‘zbek forumi bilan yozishmalarida bu xulosalarni asosan rad etib, fermerlar huquqlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlaydigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar va yangi farmonlarga ishora qilgan.
O‘zbekiston fermerlari 1995 yilda ratifikatsiya qilingan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda O‘zbekiston 2016 yil dekabrda ratifikatsiya qilgan Xalqaro mehnat tashkilotining 87-sonli Konvensiyasi bilan kafolatlangan adolatli va qulay mehnat sharoitlari hamda birlashmalar erkinligi huquqiga ega.
Inson huquqlari guruhlari O‘zbekiston hukumati fermerlar huquqlarini yaxshiroq himoya qilishni ta’minlaydigan so‘nggi qonun va farmonlarga rioya etilishini ta’minlashi kerakligini aytadi.
«Hukumat islohotlar O‘zbekistondagi paxta va bug‘doy fermerlarining o‘ta adolatsiz va ekspluatatsion mehnat sharoitlarini amalda bartaraf etishini kafolatlashi lozim, jumladan kvota tizimini bekor qilish orqali. O‘zbekiston hukumati fermerlarni qishloq xo‘jaligidagi islohotlar bo‘yicha siyosiy muhokamalarga jalb qilishi va ularning fikr-mulohazalari hamda tavsiyalarini jiddiy ko‘rib chiqishi kerak», deydi «Human Rights Watch» va O‘zbek forumi.
Shuningdek, tashkilotlar O‘zbekistonning xalqaro hamkorlari va mamlakatda faoliyat yuritayotgan xalqaro moliya institutlari hukumatni paxta va bug‘doy sohasiga davlatning o‘zboshimchalik bilan va majburiy tarzda aralashuviga chek qo‘yishga undashi kerakligini ыayd etgan. Xususan, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondan 2025 yilda imzolangan yangi ikki tomonlama sheriklik bitimidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishni talab qilishi lozimligi aytiladi. Bu majburiyatlar inson huquqlari va mehnat huquqlari bo‘yicha asosiy xalqaro konvensiyalarni amalga oshirish sharti bilan O‘zbekistonga berilgan imtiyozli bozorga kirish huquqini o‘z ichiga oladi.
«O‘zbekiston paxta va bug‘doy fermerlari bunday ekspluatatsiya qiluvchi va majburiy ishlab chiqarish sharoitlarida ishlashi dahshatli. O‘zbekistonning hamkorlari, xalqaro moliya institutlari va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi potensial investorlar O‘zbekiston hukumati fermerlar va ularning huquqlarini haqiqatan ham himoya qiladigan islohotlarni amalga oshirishi uchun o‘z ta’sir kuchidan foydalanishlari kerak”, – dedi «Human Rights Watch» tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha maslahatchisi Mira Rittmann.





