Logo

Iqtisodiyotda ishchi kuchiga bo‘lgan talab oshmoqda — Markaziy bank

Yil boshidan mehnat bozorida vakansiyalar ham, ish izlovchilar soni ham oshgan. Ishchi kuchiga bo‘lgan eng yuqori talab xizmatlar, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida kuzatildi.

Iqtisodiyotda ishchi kuchiga bo‘lgan talab oshmoqda — Markaziy bank © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yilning birinchi choragida O‘zbekiston mehnat bozorida faollik yuqori darajada saqlanib qoldi. Markaziy bank tahliliga ko‘ra, mart oyida bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foizga oshib, 15,4 mingtaga yetgan.

Tahlilda qayd etilishicha, iqtisodiyotda ishchi kuchiga bo‘lgan talab asosan xizmatlar, chakana savdo, umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish tarmoqlarida yuqori bo‘lgan.

Qurilish sohasida ham investitsiya jarayonlari va mavsumiy omillar ta’sirida ishchi kuchiga ehtiyoj oshgan.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida mehnatga talabning sezilarli faollashgani kuzatilgan.

Rezyumelar tezroq ko‘paymoqda

«HeadHunter Uzbekistan» ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida faol rezyumelar soni 31,5 foizga oshib, 636 ming nafarga yetgan.

Markaziy bank bu holatni mehnat bozorida ish izlovchilar o‘rtasida raqobat kuchayib borayotgani bilan izohladi.

Shu bilan birga, ish haqining o‘sish sur’atlari ham bosqichma-bosqich barqarorlashayotgani qayd etildi.

Bandlik o‘sishi asosan xizmatlar sohasi hisobiga ta’minlangan.

Eng yuqori o‘sish moliyaviy va sug‘urta, professional va texnik xizmatlar, shuningdek, ma’muriy hamda yordamchi xizmatlar sohalarida kuzatilgan.

Xususiy sektor yetakchi

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, bandlikning asosiy o‘sishi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2025 yilda xususiy sektorda bandlik 5,2 foizga oshgan va umumiy bandlik o‘sishining 4,2 foiz bandini ta’minlagan.

Davlat sektorida bandlik 2,6 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida bandlik qisqargan, sanoat va savdo tarmoqlarida esa barqaror o‘sish saqlangan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil to‘rtinchi choragi yakunida ishsizlik darajasi 4,8 foizni tashkil etgan. Birinchi chorakda esa o‘rtacha nominal ish haqi 17,4 foizga, real ish haqi esa 9,5 foizga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq I chorakda O‘zbekistonga xorijdan kelib tushgan pul o‘tkazmalarida Rossiya ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha pasaygani, Rossiyada rasman mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar soni ham kamayib borayotganligi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid