Logo

Iroq OPEKdan chiqishi mumkin

Mamlakat AQSH hamda Eron o‘rtasidagi mojaro tufayli ko‘rilgan iqtisodiy yo‘qotishlarni qoplashga harakat qilmoqda.

Iroq OPEKdan chiqishi mumkin © Foto: investing.com

Iroq hukumati OPEK tomonidan neft qazib olish kvotasini oshirish bo‘yicha taklif rad etilsa, tashkilotdan chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda hukumatdagi manbalariga tayanib, «Shafaq News» agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu reja Iroqning neft eksport hajmini oshirish va AQSH hamda Eron o‘rtasidagi mojaro tufayli ko‘rilgan iqtisodiy yo‘qotishlarni qoplash harakatlarining bir qismi hisoblanadi.

Qaror qachon qabul qilinadi?

Manbalarning aytishicha, neft ishlab chiqarishni oshirish yoki OPEKdan chiqish bo‘yicha yakuniy qaror Iroq bosh vaziri Ali az-Zeydining iyul oyi o‘rtalarida Vashingtonga rejalashtirilgan tashrifidan keyin qabul qilinishi mumkin.

Iroq OPEKda Saudiya Arabistonidan keyingi ikkinchi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi mamlakat hisoblanadi. Mamlakat davlat budjeti daromadlarining qariyb 90 foizi neft eksporti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bag‘dod eksport qilayotgan neftning asosiy qismi dengiz orqali jo‘natiladi va uning taxminan 95 foizi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni Birlashgan Arab Amirliklari ham OPEK va OPEK+dan chiqqanini ma’lum qilgan edi. Mamlakat rasmiylari bu qaror milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda qabul qilinganini, boshqa davlatlarga qarshi qaratilmaganini bildirgan.

Agar Iroq ham tashkilotni tark etsa, bu OPEKning bozordagi ta’siri va global neft siyosatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid