Islom sivilizatsiyasi markazi: u qanday joy?
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaroriga asosan tashkil qilingan. Bino 9 yilga yaqin vaqt mobaynida to‘liq qurib bitkazildi. Vaqt.uz hali rasman ochilmagan majmuadan eksklyuziv reportaj tayyorladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 23-iyuldagi qaroriga asosan tashkil qilingan.
10 gektarlik hudud. 161 metr uzunlik. 118 metr kenglik. 65 metr balandlikka ko‘tarilgan gumbaz. Bu shunchaki me’moriy inshoot emas. Bu — 42 ming kvadrat metrga joylashgan tarix, ilm va ma’rifat makoni.
Bu yerda Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosi va Markaziy Osiyo allomalari faoliyati zamonaviy ekspozitsiyalar orqali namoyish etiladi.
Markaz binosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining me’moriy g‘oyasi asosida loyihalashtirilgan. Bino 9 yilga yaqin vaqt mobaynida to‘liq qurib bitkazildi.
Markaz o‘zining mahobati, maydoni va qamroviga ko‘ra dunyoda Islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan eng katta majmua sanaladi.
Bu yerda Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosi va Markaziy Osiyo allomalari faoliyati zamonaviy ekspozitsiyalar orqali namoyish etiladi.
«Shon sharaf» zali
Foyening perimetri bo‘ylab 14 ta yarim oval ravoq joylashgan. Ushbu ravoqlarda mamlakatimizning boy tarixi, buyuk allomalarimiz va tarixiy shaxslar faoliyati rangtasvir uslubida mikromozaika toshlari yordamida aks ettirilgan. Bu yerda birinchi va ikkinchi Renessans davri, Xorazmiy, Farg‘oniy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy, Ibn Sino, Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, ma’rifatparvar jadidlar siymolarini ko‘rish mumkin.
Kompazitsiyalarning g‘oyalarini puxtalashtirish jarayonida yurtimizning 1000 dan ortiq, chet ellik 600 dan ko‘proq ham musulmon dunyosi ham g‘arb dunyosi olimlar ishtirok etgan.
«Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari» ekspozitsiyasi
Vaqt devori: hammasi bo‘lib 250 metrni tashkil qiladi. Bu devorda xalqimizning eng kamida 3000 yillik davlatchiligi tarixi barelef, miniatyuralar va mahobatli rangtasvir asarlari ko‘rinishida aks ettiriladi. Shuningdek ushbu devor bo‘ylab turli davlarga oid eksponatlar, numizmatika namunalari, xaritalar, vileoroliklar, interaktiv o‘yinlar joylashtirilgan.
Islomdan oldingi davr Vaqt devorida Qadimgi madaniyat ildizlari, Baqtriya, Xorazm, So‘g‘d, Choch va Farg‘ona, qadimgi savdo yo‘llari aks etgan barelef suratlarni ko‘rishimiz mumkin.
Ekspozitsiya yurtimizdagi ilk madaniy yodgorliklari Navoiy viloyatidagi Sarmishsoy qoyatosh suratlari bilan ochiladi. Bu petrogliflar 8-10 ming yillik tarixga ega bo‘lib, bu yerda 12 mingtagacha petrogliflarni ko‘ramiz.
Islomdan oldingi meros galereyasi tashrifchilarni minglab yillar orqaga yetaklaydi. Unda arxeologik ashyolar, petrogliflar, bronza davri buyumlari va qadimiy yozuv namunalari namoyish etiladi.
«Birinchi Renessans» zali
Birinchi Renessans zali VIII–XIII asrlarni qamrab olib, Islom Oltin asrida yuz bergan ilmiy inqilobni yoritadi. Bu yerda «Hikmat uyi»ning interaktiv rekonstruksiyalari, algebra va astronomiyaga oid kashfiyotlarning golografik namoyishlari hamda Ibn Sino, al-Xorazmiy kabi buyuk allomalarning sun’iy intellektga asoslangan avatarlari orqali matematika, tibbiyot, astronomiya va falsafaning rivoji namoyon etiladi.
Zal to‘rida muqaddas Ka’baning eshigi nusxasi va 1988 yilda ishlatilgan ka’bapo‘shning asl nusxasi joylangan. Shunngdek, bu yerdva 13-14 asrlarda Misrda mamluklar davrida yasalgan ka’ba kalitlarini, Kisvaning 2023-yilda Saudiya Arabiston Podshohi Salmon ibn Abduulaziz O‘zbekiston rahbariga tuhfa qilgan parchasini ko‘rish mumkin.
Zalning o‘ng tomonidan yettita kapsula bo‘lib, ularning har biri Birinchi renessansga aloqador mavzularga qaratilgan. Masalan, 1-kapsulada islomning tarqalishi bilan bog‘liq ma’lumotlar, videoma’lumotlar va interaktiv matnlar, Payg‘ambarimiz Muhammad (s a v) jahon hukmdorlariga yuborgan maktub nusxalari, Ka’ba surati va ilohiy duoalar bitilgan kashtalar, Qur’oni karimning 9-11 asrlarga asrlarga oid sahifalari va qo‘lyozmalari o‘rin olgan.
Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasi
Keyingi sayohatimiz ikkinchi renesans zaliga bo‘ladi. Ikkinchi Renessans zali Temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘lib, Samarqand va Hirotda shakllangan yuksak san’at va ilmiy taraqqiyot muhitini aks ettiradi.
Ekspozitsiyada Amir Temur davriga oid kashfiyotlar va ilmiy yutuqlar xaritasi ilk bor namoyish qilinadi. Bunda Amir Temur davri irrigatsiya-muhandislik kashfiyotlari, me’morchilik, kitobat, ilm-fan, islom ilmlariga oid kashfiyotlar alohida namoyish etiladi.
«Vaqt devorida» Amir Temur va temuriylar yaratilgan qo‘lyozmalardan olingan miniatyuralar, ularda aks etgan tarixiy shaxslar siymosini ko‘rish mumkin. Shuningdek ushbu devor bo‘ylab turli davlarga oid eksponatlar, numizmatika namunalari, xaritalar, vileoroliklar, interaktiv o‘yinlar joylashtirilgan.
«Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans» zali
Bu zal tarixni bugungi kun bilan bog‘laydi. Unda «Yangi O‘zbekiston» sifatida e’tirof etilayotgan zamonaviy O‘zbekistonning islohotlari, innovatsiyalari va strategik qarashlari namoyish etiladi.
So‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlar, O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, erishilgan yutuqlar, davlatimizning tashqi va ichki siyosati ustuvor yo‘nalishlari, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar yoritib beriladi.
Zalga kirish joyida Yangi O‘zbekistonda Prezident boshchiligida aamalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi rolik namoyish qilinadi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — o‘tmish, bugun va kelajakni birlashtirgan noyob makon. Chunki bu yerda shunchaki tarix emas — ming yillik ilmiy tafakkur va ma’naviy meros mujassam.
Bu yerga bir marta kelish — tarixni ko‘rish emas, uni his qilish demak.
Teglar






