Logo

«Boy beriladigan o‘n yillik»: Jahon banki global iqtisodiyot uchun «xunuk ssenariy»ni e’lon qildi

Global iqtisodiy o‘sish pandemiyadan keyingi eng past darajaga tushishi mumkin.

«Boy beriladigan o‘n yillik»: Jahon banki global iqtisodiyot uchun «xunuk ssenariy»ni e’lon qildi

Jahon bankining «Global iqtisodiy istiqbollar» hisobotiga ko‘ra, 2026 yilda jahon iqtisodiyoti o‘sishi 2,5 foizni tashkil etadi. Bu Kovid-19 pandemiyasi davridan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Bank dunyo mamlakatlarining uchdan ikki qismi uchun iqtisodiy o‘sish prognozlarini pasaytirgan.

Global o‘sish sur’ati sekinlashmoqda

Hisobotda ta’kidlanishicha, Eron atrofidagi harbiy mojaro va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar global iqtisodiyotga bosimni kuchaytirmoqda. Neft va xomashyo ta’minotidagi muammolar inflatsiyani yanada yuqori darajaga olib chiqishi mumkin.

Jahon banki 2026 yilda global inflatsiya 4 foizgacha ko‘tarilishini kutmoqda. Bu o‘tgan yilgi 3,3 foizlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar nafaqat energiya bozoriga, balki qishloq xo‘jaligiga ham ta’sir qilmoqda.

Ko‘rfaz davlatlaridan o‘g‘it ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo yetkazib berishdagi muammolar tufayli joriy yilda o‘g‘it narxlari o‘rtacha 38 foizga qimmatlashishi kutilmoqda.

«Boy beriladigan o‘n yillik»

Jahon bankining ta’kidlashicha, ushbu navbatdagi zarbadan so‘ng, rivojlanayotgan davlatlar (Hindiston va Xitoydan tashqari) rivojlangan iqtisodiyotlar bilan o‘rtadagi farqni qisqartira olmay, yana bir o‘n yillikni yo‘qotadi.

Bank bahosiga ko‘ra, 2020-yillar ko‘plab mamlakatlar uchun «boy berilgan o‘n yillik»ka aylanishi mumkin.

Yanada yomon ssenariy

So‘nggi kunlarda AQSH va Eron o‘rtasidagi otashkesim tobora mo‘rtlashib borayotganini hisobga olib, bank iqtisodiy istiqbollar yanada yomonlashishi mumkinligidan ogohlantirdi.

«Harbiy harakatlarning qayta avj olishi yoki tovarlar yetkazib berishdagi uzilishlarning cho‘zilishi xomashyo narxlarini yanada oshirishi, inflatsiya bosimi va oziq-ovqat tanqisligini kuchaytirishi, shuningdek, moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqarib, iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, bunday yomon ssenariy yuz bersa, global o‘sish bor-yo‘g‘i 1,3 foizga tushib ketishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid