Islomofobiyaning «normallashuvi»: Yevropa qo‘rquvni davlat siyosatiga aylantirdi

Bugun 19:484 daqiqa

So‘nggi o‘n yil ichida Yevropa Ittifoqida islomofobiya ikkinchi darajali hodisa bo‘lishdan to‘xtab, siyosiy tizimning ajralmas qismiga aylandi. Tadqiqotchilarning fikricha, islom dinidan qo‘rqish tobora ko‘proq qonunchilikda, davlat siyosatida va ijtimoiy muloqotda mustahkamlanib bormoqda.

Islomofobiyaning «normallashuvi»: Yevropa qo‘rquvni davlat siyosatiga aylantirdi

Yevropada islomofobiya endi faqatgina radikal kayfiyatdagi o‘ng qanot kuchlarning ko‘cha namoyishlari bilan cheklanib qolmayapti. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qator mamlakatlarda u siyosiy tizimning tarkibiy elementiga — parlament munozaralaridan tortib qonunchilik tashabbuslari va ma’muriy amaliyotlargacha kirib borgan.

Ushbu tendensiya ayniqsa nemis tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda — Germaniya, Avstriya va Shveysariyada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Yevropadagi islomofobiya bo‘yicha yillik hisobot mualliflari — Istanbuldagi Turk-nemis universiteti professori Enes Bayrakli hamda Jorjtaun universitetining «The Bridge Initiative» loyihasi tadqiqotchisi Farid Hafezning fikricha, so‘nggi o‘n yil ichida ushbu mintaqa «musulmonlarga qarshi kayfiyatni institutsionallashtirish laboratoriyasi»ga aylangan».

Bayrakli va Hafez «TRT Deutsch» nashrida e’lon qilingan qo‘shma maqolasida qayd etishicha, 2015-yilgi migratsiya inqirozidan so‘ng Yevropaning musulmonlarga nisbatan siyosati tobora ko‘proq «xavfsizlik mantig‘i» asosida qurilmoqda. Mualliflarning fikricha, ilgari o‘zaro hamkorlikning bosh tamoyili hisoblangan integratsiya jarayoni endi o‘z o‘rnini musulmon o‘zligini doimiy tahdid — ekstremizm va radikallashuv prizmasi orqali ko‘rishga asoslangan yondashuvga bo‘shatib bergan.

Bu kabi tendensiyalar 2015-yildan buyon muntazam e’lon qilib kelinayotgan Yevropadagi islomofobiya bo‘yicha yillik hisobotda ham o‘z aksini topgan. Hisobot shuni ko‘rsatadiki, musulmonlarga qarshi kayfiyat nafaqat ijtimoiy fikrda, balki siyosat, qonunchilik va ommaviy axborot vositalarida ham bosqichma-bosqich ildiz otmoqda.

Tor doiradagi ritorikadan davlat repressiyalarigacha

Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, o‘ng qanot populistik partiyalar mavqeining mustahkamlanishi va siyosiy ritorikaning keskinlashuvi natijasida bu jarayonlar yangi bosqichga chiqmoqda. Masalan, Germaniyada ilgari faqat tor doiralarda uchraydigan anti-musulmon kayfiyati endi nafaqat ijtimoiy sohada, balki odamlarning shaxsiy hayotigacha kirib borib, kundalik me’yorga aylanmoqda.

Nemis tilida so‘zlashuvchi Yevropa mamlakatlarida bu tendensiya turlicha namoyon bo‘ladi. Germaniyada migratsiya va Islom mavzusi atrofida siyosiy qutblashish kuchaygan bo‘lsa, Avstriyada davlat siyosati tobora «siyosiy islom» deb ataluvchi tushunchaga qarshi kurashga yo‘naltirilmoqda. Shveysariyada esa musulmonlarga qarshi cheklovlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiya mexanizmi orqali — masalan, minoralar yoki yuzni yopib turuvchi kiyimlarni taqiqlash shaklida mustahkamlanmoqda.

Mualliflarning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yil ichida Yevropadagi islomofobiyaning xarakteri sezilarli darajada o‘zgardi: u marginal ritorikadan irqchilik zaminidagi zo‘ravonliklarga va musulmonlarga nisbatan repressiyalar uchun qonunchilik asoslari yaratilishigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

«So‘nggi o‘n yillikda Germaniya, Avstriya va Shveysariya mintaqasida islomofobiya marginal hodisadan ijtimoiy va siyosiy hayotning institutsionallashgan xususiyatiga aylandi», — deb qayd etadi Bayrakli va Hafez.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, musulmonlarga nisbatan kamsitish holatlari faqatgina ijtimoiy ritorika bilan cheklanib qolmay, balki davlat boshqaruvi amaliyotida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Tadqiqotchilar siyosiy muloqotning o‘zgarishini asosiy omil deb hisoblamoqda. Hisobotlarda musulmonlarga nisbatan maktablarda, ish joylarida va jamoat transportida jismoniy hujumlar soni ortgani qayd etilgan. 2022-yilga kelib, aksilterror mexanizmlari doirasida — hatto musulmon bolalar ustidan ham — kuzatuv olib borishning me’yoriy holatga kelishi odatiy amaliyotga aylandi. E’tiborlisi, bu jarayonlar ko‘pincha inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha minimal kafolatlar asosida amalga oshirilmoqda.

Institutsional chetlashtirishning yagona fronti

«Yevropaning nemis tilida so‘zlashuvchi markaziy qismi so‘nggi o‘n yil ichida musulmonlarga qarshi kayfiyatni tizimli darajaga olib chiqishning asosiy laboratoriyasiga aylandi», — deydi ekspertlar.

Ularning fikricha, dunyoviylik, xavfsizlik va «hukmron madaniyat» tushunchalari musulmonlarni o‘zlari yashayotgan mamlakatlarning ijtimoiy va siyosiy hayotidan chiqarib tashlaydigan cheklovchi choralar uchun asosiy vaj sifatida ishlatilmoqda.

«Bu yerdagi asosiy umumiy jihat shundaki, islomofobiya yoki musulmonlarga qarshi irqchilik shunchaki shaxsiy xusumat bilan emas, balki yuqoridan singdirilayotgan me’yoriy holat orqali namoyon bo‘lmoqda», — deb yozadi mualliflar.

Germaniyada AFD partiyasi nufuzining oshishi ijtimoiy muloqotdagi «qizil chiziqlar» va maqbullik me’yorlarini o‘zgartirib yubordi. Bunday siyosiy transformatsiya avvalroq Avstriyada FPÖ, Shveysariyada esa SVP misolida ham kuzatilgan edi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, ilgari faqat tor doiralarda uchraydigan «remigratsiya» va «buyuk almashinish» kabi fitna nazariyalari parlament munozaralariga ko‘chib o‘tgan va rasmiy siyosiy yo‘nalishlarga aylangan.

Tadqiqotchilarning xulosalariga ko‘ra, 2015-yildan keyin yuzaga kelib, milliy chegaralar doirasidan chiqqan uchta asosiy tendensiya jamiyatda mustahkam o‘rin egallagan. 

Birinchidan, musulmon o‘zligi tobora ko‘proq «ekstremizm» va «radikallashuv» prizmasi orqali ko‘rilmoqda.

Ikkinchidan, uchala mamlakatda ham kamsitishning eng yuqori darajasi ijtimoiy hayotning muhim sohalarida: ish joyida, ta’lim tizimida va politsiya bilan o‘zaro munosabatlarda qayd etilmoqda.

Uchinchidan, nemis tilidagi matbuotda musulmonlar doimiy ravishda qizg‘in muhokamalar obyektiga aylanib qolgan. Ularning kiyinishi, masjidlari va davlatga sodiqligi tez-tez bahs qilinsa-da, musulmonlarning o‘zlari bu munozaralarda fikr shakllantiruvchi faol tomon sifatida deyarli ko‘rinmaydi.

Shu bilan birga, islomofobiyaga qarshi kurashishning tobora kengayib borayotgan infratuzilmasi shakllanmoqda. Fuqarolik jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan hujjatlashtirish markazlari, yuridik maslahat xizmatlari va monitoring loyihalari ilgari soyada qolib kelgan muammolarni jamoatchilikka ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid