Kiberfiribgarlik uchun javobgar banklar, yanada ko‘p sotilgan elektromobillar va jinoiy javobgarlikka tortilgan hokim yordamchilari — 13-mart dayjesti

Kecha 23:583 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Kiberfiribgarlik uchun javobgar banklar, yanada ko‘p sotilgan elektromobillar va jinoiy javobgarlikka tortilgan hokim yordamchilari — 13-mart dayjesti

Elektromobillar savdosi fevralda 14 foizga oshdi

2026 yil fevral oyida O‘zbekistonda 84,2 mingta avtotransport sotilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizga o‘sdi. Yanvar oyiga nisbatan ham bozorda ijobiy dinamika saqlanib, savdo hajmi 2 foizga yoki taxminan 1,6 mingtaga ko‘paydi. Hududlar kesimida eng katta o‘sish Samarqand viloyatida qayd etildi — bu yerda avtotransport savdosi 65 foizga oshgan.

Elektromobillar bozori ham faol o‘sishni davom ettirmoqda. Fevral oyida yengil elektromobillar savdosi 6,9 mingtani tashkil etib, yanvarga nisbatan 14 foizga ko‘paydi. Yillik hisobda esa elektromobillar savdosi 1,5 barobarga oshgan. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 24 mingtani tashkil etib, o‘tgan yil fevraliga nisbatan 10,7 foizga o‘sgan.

Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasidan norozilar ko‘p – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ichki ishlar tizimiga oid murojaatlar tahlil qilindi. Qayd etilishicha, o‘tgan yili ichki ishlar vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha 148 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov ishlari sifati pastligi yuzasidan noroziliklar ko‘pligi ta’kidlangan.

Yig‘ilishda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirishdagi byurokratik to‘siqlar ham muhokama qilindi. Bu masala bo‘yicha 448 nafar fuqaro murojaat qilgani aytildi. Prezident Adliya vazirligiga ushbu muammoga sodda yechim ishlab chiqishni topshirdi. Shuningdek, murojaatlar soni ko‘p bo‘lgan Denov, Urgut tumanlari hamda Samarqand, Qarshi, Namangan, Jizzax, Farg‘ona va Chirchiq shaharlarida aholi bilan ishlashni kuchaytirish, profilaktika inspektorlari va tergovchilarning kasbiy hamda muomala madaniyatini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Metan «zapravka»lar qachondan to‘liq ishlashi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda metan gaz quyish shoxobchalari faoliyati 14-martdan boshlab bosqichma-bosqich qayta tiklanadi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda zapravkalar cheklangan tartibda ishlab, asosan ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi transport va jamoat transportiga gaz quymoqda.

14-martdan esa metan shoxobchalari odatiy ish rejimiga bosqichma-bosqich qaytishi kutilmoqda. Eslatib o‘tish joiz, mamlakatda havo harorati keskin pasaygani sabab 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etilgan edi.

Endi kiberjinoyatlardan yetkazilgan zararni banklar va to‘lov tashkilotlari qoplaydi

O‘zbekistonda kiberjinoyatlardan yetkazilgan moddiy zarar uchun banklar va to‘lov tashkilotlarining javobgarligini belgilash taklifi ilgari surildi. Bu masala 12-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi olti yilda mamlakatda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. O‘tgan yilda firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o‘g‘irlik jinoyatlarining 76 foizi kibermakonda sodir etilgan bo‘lib, yetkazilgan umumiy moddiy zarar 2 trln so‘mdan oshgan.

Yig‘ilishda banklar va to‘lov tizimlari axborot xavfsizligi talablariga rioya qilmagani sabab kiberjinoyat sodir etilsa, yetkazilgan zararni ular qoplashi kerakligi ta’kidlandi. Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda uchta bank tizimidagi zaifliklar tufayli 3025 nafar mijozga jami 17 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Shuningdek, kriptojinoyatlarda o‘z nomidagi to‘lov vositalari, SIM-karta yoki akkauntlardan foydalanilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslar uchun ham ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.

Korrupsiya bo‘yicha javobgarlikka tortilgan hokim yordamchilari soni ma’lum qilindi

2025 yilda O‘zbekistonda 153 ta jinoyat ishi doirasida jami 252 nafar hokim yordamchisi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Oliy sud ma’lumotlariga tayanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. Sud qarorlariga ko‘ra, 37 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etilgan, 38 nafarga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, 160 nafarga axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanilgan, 12 nafarga jarima berilgan va yana 5 nafarga boshqa turdagi jazo choralari belgilangan.

Bu raqamlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Marat Jo‘rayev aytgan ma’lumotlardan ancha yuqori ekani qayd etilmoqda. U avvalroq 2025 yilda hokim yordamchilari bilan bog‘liq atigi 8 ta korrupsion holat qayd etilganini bildirgan edi. Shu bilan birga, 2026 yil fevraldan hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar uchun korrupsiyaga qarshi barqarorlikni baholash testlari joriy etilgani ma’lum qilingan.

Teglar

Mavzuga oid