Logo

«Kraken» Qozog‘iston bozoriga kirmoqda: mamlakatda oltita kriptoplatformaga cheklov qo‘yildi

Bugun 19:553 daqiqa

Sud dastlab «BingX», «Bitcoin.com», «Huobi Global» (HTX), «BitMart», «Coinbase», «LBank» va «WEEX» platformalariga nisbatan cheklovlar joriy etish haqida qaror chiqargan.

«Kraken» Qozog‘iston bozoriga kirmoqda: mamlakatda oltita kriptoplatformaga cheklov qo‘yildi © Foto: reuters

Qozog‘istonning Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi «Kraken» kriptoplatformasi bilan hamkorlik memorandumi imzoladi. Kompaniya Ostona xalqaro moliya markazi regulyatoridan ham dastlabki ma’qullovni oldi.

Qozog‘iston hukumati rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, xalqaro kriptoplatforma «Kraken» hambosh direktori Devid Ripli va mamlakat bosh vaziri Oljas Bektenov o‘rtasida AI & Digital Bridge 2026 forumi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Uchrashuvda raqamli aktivlar bozorini rivojlantirish, moliyaviy texnologiyalarni joriy etish va sohani tartibga solish masalalari muhokama qilingan. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Qozog‘istonning Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi hamda «Kraken» o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.

Hujjat raqamli aktivlar bozorini rivojlantirish, blokcheyn texnologiyalarini joriy etish, an’anaviy bank infratuzilmasini raqamli aktivlar bozori bilan integratsiya qilish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, «Kraken» Ostona xalqaro moliya markazining Moliyaviy xizmatlarni tartibga solish qo‘mitasi (AFSA)dan dastlabki ma’qullov — In-Principle Approval olgan. Bu litsenziyalash jarayonidagi bosqichlardan biri bo‘lib, belgilangan talablar bajarilganidan keyin kompaniyaga markaz yurisdiksiyasida faoliyat boshlash imkonini berishi mumkin. Dastlabki ma’qullov to‘liq litsenziya berilganini anglatmaydi.

Qozog‘iston vazirligi memorandum mamlakatning mintaqaviy kriptoxab sifatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilganini bildirgan.

Ostona xalqaro moliya markazining AFSA regulyatori ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 15-sentabrda markaz sudi litsenziyasiz faoliyat yuritgan kriptoplatformalar operatorlariga nisbatan cheklovlar joriy etish haqida qaror chiqargan.

Dastlabki qarorda «BingX», «Bitcoin.com», «Huobi Global» (HTX), «BitMart», «Coinbase», «LBank» va «WEEX» platformalari ko‘rsatilgan. Keyinchalik, 18-sentabrda «LBank» operatori Qozog‘istondagi xizmatlariga kirishni mustaqil cheklagani sababli sud uni qarordan chiqargan.
Shundan keyin cheklovlar «BingX», «Bitcoin.com», «Huobi Global» (HTX), «BitMart», «Coinbase» va «WEEX» operatorlariga nisbatan saqlanib qolgan.

Sud qarori ushbu operatorlarga tegishli litsenziyasiz raqamli aktivlar xizmatlarini ko‘rsatish, taklif qilish va reklama qilishni, shuningdek, bunday xizmatlar uchun mobil ilovalarni tarqatish yoki ulardan foydalanish imkoniyatini taqdim etishni cheklaydi. Qaror Google Play va Apple App Store orqali xizmatlarga geografik cheklov qo‘yish choralarini ham qamrab oladi.

AFSA ma’lumotiga ko‘ra, regulyator litsenziyasiz platformalar faoliyatiga qarshi choralarni 2025 yilda boshlagan. O‘sha yili 20 dan ortiq kriptoplatformaga ogohlantirish yuborilgan. 2026 yil boshida esa talablarga rioya qilmagan operatorlarga nisbatan sud jarayonlari boshlangan.

Qozog‘istonda kriptovalyuta savdosi qanday tartibga solinadi?

Qozog‘iston Milliy banki ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 1-maydan mamlakatda raqamli aktivlar aylanmasini tartibga soluvchi yangi huquqiy mexanizmlar kuchga kirgan. Unga muvofiq, raqamli aktivlar bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatuvchilar tegishli litsenziya yoki ro‘yxatdan o‘tish talablariga rioya qilishi kerak.

Ostona xalqaro moliya markazi hududida raqamli aktivlar bilan bog‘liq faoliyatni AFSA tartibga soladi. Markazdan tashqari hududda esa tegishli vakolatlar Qozog‘iston Milliy banki va boshqa mas’ul regulyatorlar o‘rtasida taqsimlangan.

AFSA tushuntirishlariga ko‘ra, Qozog‘istonda kriptovalyutalar bilan savdo qilish uchun tegishli litsenziyaga ega platformalardan foydalanish talab etiladi. Litsenziyasiz platformalar orqali savdo qilishda mijozlar aktivlarni saqlash, axborotni oshkor qilish va nizolarni hal etish bo‘yicha regulyator himoyasidan foydalana olmasligi mumkin.

«Kraken» 2011 yilda AQSHda tashkil etilgan xalqaro kriptoplatforma bo‘lib, chakana va institutsional mijozlarga raqamli aktivlarni sotib olish, sotish, saqlash va savdo qilish xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniya «Payward» guruhi tarkibida faoliyat yuritadi.

Teglar

Mavzuga oid