
NATO admirali: «Putin Ukrainada strategik mag‘lubiyatga uchradi»
NATO harbiy qo‘mitasi raisi, admiral Juzeppe Kavo Dragone Putinning Ukrainadagi urinishlarini strategik mag‘lubiyat, deb atadi. Uning ta’kidlashicha, RF rahbari maqsadlariga erisha olmadi va bu urush NATOni yanada kuchaytirdi.

NATO harbiy qo‘mitasi raisi admiral Juzeppe Kavo Dragone BBCʼga bergan intervyusida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushda o‘z maqsadlariga yeta olmaganini va bu jarayon uning strategik mag‘lubiyatiga aylanganini ta’kidladi.
Admiralning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda Ukrainaga bosqin boshlanishi NATOning kengayishiga olib keldi — alyans tarkibiga Finlandiya va Shvetsiya qo‘shildi. Finlandiya Rossiya bilan 1300 kilometrlik quruqlik chegarasiga ega, Shvetsiya esa Baltika dengiziga chiqish imkoniyati bilan muhim strategik ahamiyat kasb etadi. Putin esa «maxsus operatsiya» boshlanishida NATOning Rossiya chegaralariga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan edi.
Kavo Dragone Kremlning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni hokimiyatdan ag‘darish rejasi ham amalga oshmaganini qayd etdi.
«Rossiya Belarusdagi kabi do‘stona yoki marionetka hukumatga ega bo‘la olmaydi», — dedi u.
Admiralning ta’kidlashicha, Yevropa davlatlari o‘z mudofaa siyosatiga jiddiy yondosha boshladi, harbiy xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirish niyatida va Ukrainaga qurol yetkazib berishni davom ettirmoqda. Buning o‘ziyoq Putinning «demilitarizatsiya» maqsadlari to‘liq barbod bo‘lganini ko‘rsatadi.
Uning fikricha, frontdagi ayrim kichik yutuqlarga qaramay, Rossiya juda katta yo‘qotishlar bilan to‘qnash kelmoqda, shu bois bu urush strategik mag‘lubiyat sifatida baholanishi lozim. Kavo Dragone, shuningdek, vaziyat operatsiya nuqtayi nazaridan to‘liq to‘xtab qolganini ta’kidlab, «endi muzokaralar vaqti keldi, chunki har kuni insonlar hayoti zoye ketmoqda», dedi.
Admiral NATO Ukraina bilan «barqaror tinchlikkacha» yordam berishni davom ettirishini bildirdi. Shu bilan birga, Rossiyaning ehtimoliy keyingi tajovuz nuqtalari Boltiqbo‘yi mamlakatlari — Estoniya, Latviya yoki Litva bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holda NATO Nizomining 5-moddasi ishga tushadi va kollektiv mudofaa mexanizmi, jumladan AQSH ishtiroki bilan, faollashadi.
Kavo Dragone hozirgi paytda NATOning asosiy ustuvor vazifasi havo himoyasi ekanini aytdi. Rossiya dronlarining Polsha va Ruminiya hududiga kirishi alyansni ushbu sohani yanada mustahkamlashga undagan.
Putinning «Burevestnik» qanotli raketa va «Poseydon» yadroviy torpedasi sinovlari haqidagi bayonotlariga izoh berar ekan, admiral NATO bu tahdiddan qo‘rqmasligini ta’kidladi: «Biz 32 davlat va bir milliard aholini himoya qilishga tayyormiz. NATO — yadroviy alyans», — dedi u.





