add

Neft-gaz davri intihosi uzoq: G‘arb prognozlarni qayta ko‘rib chiqdi

Bugun 15:305436

Energiya resurslarini import qiluvchi boy davlatlar shu paytgacha butun dunyo yaqin vaqt ichida qazilma yoqilg‘i iste’molini oshirishdan to‘xtaydi, deb hisoblayotgandi.

Neft-gaz davri intihosi uzoq: G‘arb prognozlarni qayta ko‘rib chiqdi

Ammo bu hafta ular prognozlarini qayta ko‘rib chiqishdi — bu Rossiya, Saudiya Arabistoni va Donald Tramp boshchiligida neft va gazga tayanib qudrat oshirgan AQSH kabi yirik eksportyorlar uchun quvonarli yangilik bo‘ldi.

Biroq G‘arb iste’molchilari uchun ham vaziyat uncha yomon emas. Xalqaro energetika agentligi (IEA) tayyorlagan so‘nggi ssenariylarga ko‘ra, dunyoda neft yetarlicha, gaz esa undan ham ko‘proq. Shuning uchun yaqin oylarda benzin narxining tushishi, keyingi yillarda esa gaz, yorug‘lik va issiqlik uchun tariflar arzonlashishi kutilmoqda.

Ba’zi mutaxassislar bu holat Yevropa uchun ijobiydir, deb hisoblashmoqda. Ular Yevropa o‘n yillik oxirigacha Rossiyadan energiya resurslarini import qilishni to‘liq rad etish maqsadiga yetishi mumkin. Ammo boshqalarning fikricha, IEA’ning yangi prognozlari aksincha, Rossiya va boshqa energetik davlatlarga asosiy eksporti yaqin kelajakda ham talabgor bo‘lishi haqida umid uyg‘otmoqda.

BBC nashrining yozishicha, so‘nggi besh yil davomida IEA butun dunyo «neft cho‘qqisi»ga yaqinlashayotganini bashorat qilardi. Keyinroq esa «gaz cho‘qqisi» ham yuzaga chiqishi, G‘arbga Rossiya, Eron, Venesuela va Saudiya Arabistoni kabi neft avtokratlariga bo‘lgan energetik bog‘liqlikdan xalos bo‘lish imkonini beradi, deb ta’kidlardi. Shu orqali atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar kamayib, global iqlim falokati oldi olinadi, degan umid bor edi.

Biroq bu yil IEA pozitsiyasini o‘zgartirdi. Nega?

 

Putin, sanksiyalar va Tramp

«Sababi — so‘nggi bir yilda dunyo tubdan o‘zgardi», — dedi Xalqaro energetika agentligi (IEA) rahbari Fatih Birol matbuot anjumanida. Yevropa va AQSH Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi, bu orqali Vladimir Putinni Ukrainaga tajovuzni to‘xtatishga majburlash niyat qilingan. Hozir esa ular Rossiya tabiiy gaziga ham embargo tayyorlamoqda.

Shu vaziyatda ayrim G‘arb mamlakatlari qazilma yoqilg‘idan voz kechib, barqaror manbalarga o‘tish rejalarini yumshatdi. AQSHda esa hokimiyatga Donald Tramp qayta keldi va «qazi, bolajonim, qazi» shiori ostida Jo Bayden davrida qabul qilingan «yashil» islohotlar va subsidiyalarni bekor qildi.

«Energetika siyosati o‘zgarmoqda. AQSH hukumati neft qazib olish va atom energetikasi sohasini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirdi. Shu bilan birga, shamol va quyosh energetikasi hamda elektromobillar xaridi uchun subsidiyalar qisqartirildi. Yana bir qator davlatlar esa o‘tgan yili energetik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida yo‘nalishini o‘zgartirdi», — deyiladi IEA’ning so‘nggi hisobotida.

Biroq Trampning islohotlari asosiy sabab emas. Asosiy omil — boyib borayotgan Osiyo.

bugungi dunyo yildan yilga ko‘proq energiya sarflamoqda (2000 yildan beri +60 foiz) va bu o‘sishga yagona turtki — rivojlanayotgan iqtisodiyotlar, ayniqsa Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlari. Ayni paytda rivojlangan mamlakatlarda energiya iste’moli 2007 yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqqan va IEA’ga ko‘ra, kamida 2035 yilgacha bu ko‘rsatkich oshmaydi.

Rivojlanayotgan mamlakatlar hozir dunyo neft va gaz eksportining 45 foizini sotib olmoqda. 2035 yilga kelib, ularning ulushi 60 foizga yetishi kutilmoqda.

Shuning uchun IEA’ning yangi ssenariylariga ko‘ra, neftga talab yaqin ikki yilda to‘xtamaydi, balki 2030 yilgacha o‘sishda davom etadi. Bu esa energetika sohasida e’lon qilingan islohotlar amalda ro‘yobga chiqsa, shunday bo‘lishi mumkin.

Konservativroq ssenariyda — ya’ni hozirgi energetika siyosati o‘zgarmas ekan, neftga talab 2050 yilgacha ham o‘saveradi.

Gazga talab esa bu holatda 2050 yildan keyin ham o‘sishda davom etadi. Hatto «yashil» iqtisodiyotga muvaffaqiyatli o‘tish sharoitida ham gazga ehtiyoj qoladi, chunki narxi tushadi. Bu, ayniqsa, AQSH va Qatardagi suyultirilgan gaz loyihalari to‘liq amalga oshsa, shunday bo‘ladi.

IEA ogohlantirishicha, gazga bo‘lgan talab eng yaxshi holda 2030-yillar oxiridagina eng yuqori nuqtaga yetishi mumkin.

 

«Reallik bilan to‘qnashuv»

G‘arbda kayfiyatning o‘zgarishi neft va gaz kompaniyalarini quvontirdi. Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti — OPEC bundan mamnunligini yashirmadi va «biz sizni ogohlantirgan ediku-ku?» mazmunida maxsus bayonot e’lon qildi.

«2023 yil sentabrida IEA butun dunyoga neft, gaz va ko‘mir o‘tmishda qolganini e’lon qilgan edi, — deyiladi bayonotda. — Ikki yil o‘tib, IEA’ning dadil taxminlari hayotdagi reallik bilan to‘qnashdi».

Neft va gazning boy iste’molchi mamlakatlari IEA’ni 1973–1974 yillardagi yirik energetika shokidan so‘ng yangi inqirozlarni oldini olish uchun tashkil etgan edi. O‘shanda arab davlatlari Isroilni Yaqin Sharq urushida qo‘llab-quvvatlagani uchun G‘arbga nisbatan neft embargosi joriy qilgan edi.

Shunday holat yana takrorlanmasligi uchun IEA har yili energetika sohasida «yangi qiyomat kuni» ssenariylarini tayyorlaydi. Bu ssenariylar G‘arb davlatlarining siyosatchilari uchun ham, kapital va investitsiyalar taqsimoti bilan shug‘ullanuvchi biznes vakillari uchun ham asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Agar IEA neft endi kerak bo‘lmay qoladi, deb aytsa, hukumatlar yangi konlarni o‘zlashtirishga litsenziya berishdan tiyiladi, banklar esa neft va gaz loyihalariga kredit ajratmaydi.

Endi esa OPEC pullar yana oqishda davom etaveradi, deb umid qilmoqda. G‘arb davlatlari esa neftga boy avtokratiyalar — shayxlar, generallar va umrbod prezidentlar bilan aloqalarni saqlashga majbur bo‘ladi.

«Umid qilamizki, IEA’ning yangi ssenariysi energetika sohasidagi voqelikka hushyor yondashuvga qaytishni va «neft cho‘qqisi» haqidagi noto‘g‘ri tasavvurning yuqori nuqtasini belgilashni anglatadi», — deyiladi OPEC bayonotida.

 

Yevropa uchun yaxshi xabar. Rossiya uchun ham

«Rossiya Yevropa yo‘nalishida quvur orqali gaz yetkazib berishni qisqartirganidan beri suyultirilgan tabiiy gaz (STG) jahon gaz bozoridagi asosiy tovarga aylandi», — deyiladi IEA hisobotida.

Bu tovar esa tobora ko‘paymoqda.

IEA prognoziga ko‘ra, 2030 yilgacha suyultirilgan gaz taklifi faqatgina allaqachon tasdiqlangan va amalga oshirilayotgan loyihalar hisobiga 1,5 barobarga oshib ketadi. Bu — hozirgi taklifga qo‘shimcha 300 milliard metr kub demakdir. Bu esa Rossiya Yevropaga gaz yetkazib turgan vaqtdagi yillik 150 milliard metr kub ko‘rsatkichidan ikki barobar ko‘p.

Ukrainaga bostirib kirilganidan keyin jahon gaz bozorida Rossiyaning o‘rnini AQSH egalladi. Ya’ni, yangi suyultirish quvvatlarining yarmi aynan AQSHda ishga tushirilayapti. Yana 20 foizga yaqini Qatarda, qolgan qismi Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlarga to‘g‘ri keladi.

Bu holat Yevropaning foydasiga, chunki elektr energiyasi va issiqlik narxlarining tushishi, sanoatning tiklanishi va Rossiya bilan gaz urushi davridan so‘ng iqtisodiy barqarorlikni qayta ta’minlash imkonini beradi.

«Yaqinlashib kelayotgan STG farovonligi davri Yevropaning energetika xavfsizligi uchun juda foydali bo‘ladi, — dedi Kolumbiya universiteti qoshidagi Xalqaro energetika siyosati markazi vakili Okosh Los. — Bu, shuningdek, Yevropaga Rossiya gazidan voz kechish bo‘yicha belgilangan muddatlarga amal qilish imkonini ham beradi».

Boshqa tahlilchilar esa unga qo‘shilmaydi. Ayniqsa, urush tugasa va Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinsa, bu vaziyat yana o‘zgarishi mumkin, deydi Yevropa gaz bozori bo‘yicha Wood Mackenzie yetakchi tahlilchisi Tom Marzek-Manser.

«Men Yevropa Ittifoqining 2028 yilgacha Rossiya quvur gazidan to‘liq voz kechish rejalariga biroz shubha bilan qarayman», — dedi u.

AQSH bosimiga qaramay, aynan Donald Tramp o‘z ittifoqchisi Viktor Orban boshchiligidagi Vengriyaning Mol kompaniyasiga Rossiya neftini Vengriya va Slovakiyaga yetkazishda sanksiyalardan ozod etishga ruxsat bergan edi.

Marzek-Manser fikricha, xuddi shunday holat 2030 yildan keyin Yamaldan Rossiyaning suyultirilgan gazini yetkazib berishda ham yuz berishi mumkin. Chunki hozirgi farovonlikdan keyin gaz tanqisligi va narxlar o‘sishi yuzaga keladi. Agar urush o‘sha vaqtga kelib tugagan bo‘lsa, Rossiya gazi bozor uchun yana o‘ta muhim bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid

Neft-gaz davri intihosi uzoq: G‘arb prognozlarni qayta ko‘rib chiqdi | Vaqt.uz